O‘zbekiston | 08:37 / 03.10.2019
2062
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Fransiya o‘zaro uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashdi 

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 1 oktabr kuni Fransiyada bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Parij shahrida Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vaziri huzuridagi davlat kotibi Jan-Batiste Lemuan bilan uchrashdi.

Vazir Fransiya tomoniga prezident Shavkat Mirziyoyevning prezident Emmanuel Makron nomiga Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirakning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgan maktubni yetkazdi. Qayd etilganidek, Jak Shirak o‘z mamlakatining haqiqiy rahbari edi, zamonaviy fransuz davlati tarixidagi eng muhim davr, Fransiyaning xalqaro maydondagi nufuzi ortishi uning nomi bilan bog‘liq. Prezident Jak Shirak O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi an'anaviy do‘stlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga shaxsan katta hissa qo‘shgani ta'kidlandi.

Davlat kotibi Fransiya tomoni nomidan og‘ir yo‘qotish munosabati bilan samimiy hamdardlik va dalda so‘zlari uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya kun tartibidagi qator masalalar muhokama qilindi. 2018 yil oktabr oyida Parij shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni doimiy nazoratga olingani va ko‘p qirrali hamkorlikning barcha sohalarida aniq natijalarga erishishdan tomonlar manfaatdor ekanligi ta'kidlandi.

Shuningdek, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya majlisi va 2019-2020 yillardagi boshqa ikki tomonlama uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid