Jamiyat | 21:10 / 08.10.2019
44737
16 daqiqa o‘qiladi

«Buyuk Kelajak» eksperti: Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida 5 afsona

«Buyuk Kelajak» ekspert kengashi a'zosi Bahrom Ismoilov «Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi haqida 5 afsona» sarlavhali maqolasini taqdim etdi.

Rossiya Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifidan so‘ng ekspertlar hamjamiyati o‘rtasida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ehtimoli borasida keng munozaralar boshlandi.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga YeOIIga a'zo bo‘lishda bosim o‘tkazilishi mumkinligi, iqtisodiy va siyosiy jihatdan ham O‘zbekiston ittifoqqa qo‘shilishdan foyda ko‘rmasligi haqida izohlar paydo bo‘ldi.

Shu bilan birga, ittifoqqa qirishga qarshi chiqqan ekspertlarning aksariyati YeOII nima ekanligini va unga kirish O‘zbekistonga nima berishini to‘liq tushunishmaydi. YeOIIga yo‘l milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga va fuqarolarning, shu jumladan mamlakat tashqarisida mehnat qilayotganlarning farovonligini oshirishga olib keladimi yoki iqtisodiy va siyosiy qullikkami? Keling, YeOII haqidagi asosiy afsonalarni tahlil qilaylik.

Foto: Bahrom Ismoilov

1-afsona. YeOIIda hamma narsani Moskva boshqaradi

YeOII - mintaqaviy iqtisodiy integratsiya xalqaro tashkiloti bo‘lib, unga Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya Federatsiyasi kiradi.

YeOIIning boshqaruv organi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining davlat rahbarlaridan tashkil topgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi hisoblanadi. Barcha qarorlar ovoz berish orqali, konsensus asosida qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlarning bajarilishi barcha ishtirokchi davlatlar uchun majburiydir. Asosiy tartibga soluvchi organ - a'zo mamlakatlarning vakolatli vakillaridan tashkil topgan Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi. Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining asosiy vazifasi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining faoliyati va rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta'minlashdan iborat. Yevrosiyo hukumatlararo kengashi YeOII davlatlarining milliy hukumatlar darajasida o‘zaro hamkorligini ta'minlaydi.

EOIIga a'zo davlatlar o‘rtasida yuzaga keladigan barcha nizolar Minsk shahrida joylashgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sudida hal qilinadi.

Har yili a'zo davlatlardan biri ittifoqqa raislik qiladi. Ayni paytda Armaniston 2019 yil 31 dekabrgacha rahbarlik qilmoqda. 2020 yilda raislik Belarusga o‘tadi.

Xulosa: YeOIIga a'zo bo‘lish O‘zbekistondan mustaqillikdan voz kechishni talab qilmaydi. YeOIIda konsensus asosida qaror qabul qiladigan milliy organlar tuzilmasi shakllantirilgan.

O‘zbekiston uyushmaning to‘laqonli va teng huquqli a'zosi sifatida YeOIIning amaldagi qonunlari asosida ittifoqqa a'zo boshqa davlatlar bilan bir qatorda o‘z tashabbuslarini amalga oshirishi va butun iqtisodiy ittifoqning kelajagiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

2-afsona. Integratsiya O‘zbekiston manfaatlarini hisobga olmasdan amalga oshiriladi

Armaniston va Qirg‘izistonning integratsion tajribasi shuni ko‘rsatadiki, YeOIIga a'zo davlatning cheklovlar, qo‘shimcha talablar va maxsus shartlarni qo‘llash huquqini saqlab qolgan holda moliyaviy bozorlar, tabiiy monopoliyalar, energiya, resurslardan foydalanish va transport kabi sohalarni tartibga solish mumkin.

Masalan, Qirg‘iziston 2020 yil 1 yanvargacha avtomobillarni olib kirish uchun alohida stavka to‘g‘risida kelishib oldi hamda 5 yil davomida sanoatda qayta ishlash uchun yiliga 100 ming tonnadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda shakar xomashyosini bojsiz olib kirish huquqiga ega bo‘ldi.  oldi. O‘z navbatida, Qozog‘iston JSTga kirgandan keyin JST shartlari doirasida mamlakatga keladigan tovarlarni olib o‘tish tartibi to‘g‘risida kelishib oldi.

Xulosa: YeOIIga integratsiyalashuv - bu bir necha yillar davom etadigan murakkab protsedura bo‘lib, uning maqsadi integratsiyaning barcha ishtirokchilari uchun eng qulay shart-sharoitlarni belgilashdir. Muzokaralar va kelishuvlar jarayoni, yo‘l xaritalarini ishlab chiqish va qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish - bu davlatlararo tuzilmalar va ekspertlar hamjamiyati ishtirokidagi uzoq muddatli murakkab jarayon bo‘lib, uning doirasida vakolatli tuzilmalar O‘zbekistonning milliy ustuvorliklari tushunchasini belgilaydilar.

3-afsona. YeOIIga qo‘shilish O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilariga salbiy ta'sir qiladi

Statistika boshqacha trendlarni ko‘rsatmoqda. JST ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston 2011-2015 yillarda Rossiyaga mahsulotlar yetkazib berish hajmini oshirdi:

poaybzal - 6 foizga, plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar - 11 foizga, sut mahsulotlari, parranda tuxumlari, tabiiy asal, oziq-ovqat mahsulotlari - 107 foizga; go‘sht va go‘shtdan tayyorlangan mahsulotlar – 136 foizga, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar va sirka – 48 foizga oshdi.

Agar 2015 yil ko‘rsatkichlari haqida gapiradigan bo‘lsak, qozog‘istonlik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari mahsulotning 40 foizini Rossiyaga yetkazib berdilar. 18 turdagi mahsulotlarni yetkazib berish hajmi 20-40 baravarga oshdi. Masalan, 2015 yildan boshlab Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti (YaIM) butun Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi YaIM o‘sishi sur'atidan oshib ketdi.

Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga a'zo bo‘lishning birinchi yilida Qirg‘iziston to‘qimachilik mahsulotlarining YeOII davlatlariga eksporti 38 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 26 foizga, umumiy yuk aylanmasi esa 2,8 baravarga oshdi. 2016-2018 yillar davomida ushbu tendensiya saqlanib qoldi. O‘z navbatida, 2016 yilda Armanistonning YeOII davlatlariga eksporti 53 foizga o‘sdi.

Xulosa: O‘zbekistondagi samarali tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilari YeOII mamlakatlari bozorlariga muvaffaqiyatli kirish uchun barcha imkoniyatlarga ega. YeOII mamlakatlari tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilari ham O‘zbekistonda shunday imkoniyatga ega bo‘ladi.

O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi O‘zbekiston iqtisodiyotining ayrim sohalariga qanday o‘zgarishlar olib kelishining qisqacha prognozi mana shu.

4-afsona. YeOIIga qo‘shilish O‘zbekiston uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli emas

Quyida agar YeOIIga qo‘shilsa, O‘zbekiston iqtisodiyotining ayrim sohalarida bo‘ladigan o‘zgarishlarning qisqacha prognozi keltirilgan.

1. Energetika. Energiya resurslari (elektr energiyasi, gaz, neft va neft mahsulotlari) uchun umumiy bozorlarning shakllanishi uning ishtirokchilari uchun manfaatlar keltiradi, jumladan, narxlarni barqarorlashtirish va energiya ta'minotining ishonchliligini oshirish, aholi farovonligini oshirish va sinergetik effekt tufayli YeOII mamlakatlari YaIMning umumiy o‘sishiga olib keladi. YeOII gaz, neft va neft mahsulotlarining umumiy bozorlarini shakllantirish 2025 yil 1 yanvardan kechiktirmasdan yakunlanishi lozim.

2. Tibbiyot. O‘zbekiston uchun dori vositalarining umumiy bozorini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbolli hisoblanadi. EIK hisob-kitoblariga ko‘ra, YeOII doirasida mahalliy ishlab chiqarishning o‘sishi bois uchinchi mamlakatlardan dori import qilish 30 foizdan ortiqroqqa kamayishi kutilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tibbiy mahsulotlar sifatiga talablar o‘zgaradi. Dori ishlab chiqaruvchilar sifat va xavfsizlikning barqaror ko‘rsatkichlari bilan bozorga mahsulot chiqarilishini kafolatlaydigan sifat menejmenti tizimi joriy etilishi va qo‘llab-quvvatlanishini ta'minlashi kerak bo‘ladi.

3. Tovarlar va xizmatlar. YeOII "to‘rt erkinlik"ning amalga oshirilishini joriy etadi: tovarlar, xizmatlar, kapital va ish kuchining erkin harakati. YeOIIga qo‘shilish, shubhasiz, O‘zbekiston ichki bozoridagi raqobatni kuchaytiradi, mahsulot sifati oshishiga, bir qator mahsulotlar narxining pasayishiga olib keladi va monopolistlarning mavqeini murakkablashtiradi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar YeOIIning 180 million kishilik bozoriga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘zbekistonda xizmatlar sohasining ulushi YaIMning 47 foizini tashkil qiladi. To‘g‘ri yondashilsa, O‘zbekiston xizmatlarni YeOII mamlakatlariga samarali eksport qilishi mumkin.

4. O‘zbekistonning yuqori texnologiyali xizmatlarga ixtisoslashgan kompaniyalari va mutaxassislari uchun bu sezilarli imkoniyatlarni ochib beradi. YeOIIda 2025 yilgacha xizmat ko‘rsatuvchilarni boshqa davlat hududida yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishdan ozod qilish rejalashtirilmoqda. Bu avvalo, O‘zbekiston IT-kompaniyalariga o‘z xizmatlari uchun yangi bozorlarni qamrab olish imkoniyatini beradi.

5. Shuningdek, uyushmaning 2025 yilga kelib shakllanadigan moliyaviy xizmatlar umumiy bozoridan umidlar katta. Bunda eng muhim tamoyillardan biri YeOII sarmoyadorlarining YeOIIga a'zo davlatlar moliyaviy bozorlariga kirishini, moliyaviy xizmatlar iste'molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatlangash va samarali himoya qilinishini ta'minlash bo‘ladi. Gap bank va sug‘urta sohalarida, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmat ko‘rsatish sohalarida litsenziyalarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida ketmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fermerlari, ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari YeOIIning o‘sha 180 millionlik bozoriga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, O‘zbekiston Xitoy, Eron, Vetnam, Kuba kabi davlatlar bilan, yaqin kelajakda Misr, Singapur, Hindiston, Serbiya, Isroil va Tailand bilan YeOIIning erkin savdo to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalari imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchilar YeOII hududida bojxona va sanitariya-karantin nazorati haqida unutishadi.

Iqtisodiyotning muhim, xususan, eksportni rivojlantirishga yo‘naltirilgan sohalarida agar ilgari tovarlar bojxona chegarasidan o‘tganida QQS bojxona xizmatlari tomonidan olingan bo‘lsa, O‘zbekiston ittifoqqa kirishi bilan QQS va YeOIIga a'zo davlatlar hududidan olib kiriladigan tovarlarga aksiz solig‘i olinishi soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, QQSni to‘lashda biznesga 50 kalendar kunlik kechikish (soliq krediti) taqdim etilgan.

6. Normativlar. O‘zbekiston YeOIIning temir yo‘l xavfsizligidan tortib sut va sut mahsulotlari xavfsizligi masalalarigacha o‘z ichiga olgan ilg‘or texnik reglamentlariga o‘tish orqali o‘zining normativ-texnik bazasini sezilarli darajada modernizatsiya qilishi mumkin. Boshqarish sifati va respublikaning tashqi iqtisodiy faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining shaffofligi oshadi, bu esa turli xalqaro reytinglarda o‘z aksini topadi.

Integratsiya jarayonida O‘zbekiston eng yaxshi xalqaro tajribaga asoslangan zamonaviy milliy qonunchilikka ega bo‘ladi. 

7. Transport va logistika. Xitoyning "Bir kamar, bir yo‘l" tashabbusini inobatga olgan holda YeOIIning imkoniyatlari ushbu mintaqada eng katta integratsiyaviy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan maksimal darajada foydalanishga imkon beradi.

O‘zbekiston mahsulotlari YeOIIning barcha transport yo‘laklariga kirish huquqiga ega bo‘ladi, O‘zbekiston va YeI (Evropa Ittifoqi) o‘rtasida esa faqat bitta - Belarus-Polsha bojxona chegarasi qoladi. O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgan taqdirda, YeOIIning Xitoy moliyalashtirishiga da'vogarlik qilayotgan transport sohasidagi qo‘shma loyihalarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Ular Xitoy, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida va Yevrosiyoning asosiy transport yo‘laklarini to‘ldiruvchi yo‘llar bo‘ylab G‘arbiy Yevropa - G‘arbiy Xitoy, Shimol - Janub, Sharq - G‘arb va Shimoliy dengiz logistikasini o‘rnatishi lozim.

O‘zbekiston shuningdek, YeOII doirasida transport xarajatlari kamayishi, ittifoqning barcha davlatlari tranzit imkoniyatlarini birlashtirish, transport protseduralari byurokratizatsiyadan xalos bo‘lish, logistika bazasini rivojlantirish, Rossiya quvurlari va Boltiqbo‘yi portlariga teng huquqda kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

8. Mehnat migratsiyasi. Bugungi kunda O‘zbekistonda migratsiya 4 milliondan ortiq kishiga ta'sir qiladi va yaqin kelajakda muhim iqtisodiy va ijtimoiy omil bo‘lib qoladi. Agar O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lsa, uning fuqarolari ittifoqning boshqa mamlakatlarida ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishiga hojat qolmaydi.

Mehnat muhojirlari birgina Rossiyada patent rasmiylashtirish va yangilash uchun har yili 2 milliard dollargacha mablag‘ sarflashadi. Bu mablag‘ har yili O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘ldiradi. YeOII bilan integratsiyalashish o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga, shuningdek ularning oila a'zolariga ijtimoiy ta'minotni (ijtimoiy sug‘urta) olish imkonini beradi, bu davlatning ish bilan ta'minlangan fuqarolari bilan bir xil shart va tartibda amalga oshiriladi. YeOII davlatlari ishchilarining bolalari davlat mehnat qonunchiligiga muvofiq maktabgacha ta'lim muassasalarga borish va ta'lim olish huquqiga ega bo‘ladilar. Kelajakda o‘zbekistonlik ishchilar YeOIIning Arktika va Uzoq Sharqni rivojlantirishdan tortib Kaspiy dengizidan Qora dengizgacha kema kanalini qurishgacha bo‘lgan eng yirik loyihalarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

5-afsona: YeOIIga kirish O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan munosabatlarini buzadi

Evropa Ittifoqi YeOIIning asosiy savdo hamkori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Armanistondan Yevropaga eksport qilinadigan mahsulotlarning ulushi xorijga umumiy yetkazib berish hajmining 50,3 foizini tashkil etdi. Xuddi shu davrda Yevropadan olib kelingan mahsulotlar ulushi 40,8 foiz bo‘ldi.

Bundan tashqari, Belarusning YeOIIga a'zoligi YeI va AQSh bilan vizasiz rejim joriy etishiga to‘sqinlik qilmadi. O‘z navbatida, Qozog‘iston AQSh bilan kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirmoqda.

So‘nggi uch yil ichida AQShning Qozog‘istondagi birgina tog‘-kon sanoatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari uch baravarga oshib, 5 milliard dollardan ortiqroqni tashkil etdi.

Mamlakatda Amerikaning Chevron Corporation, General Electric, Halliburton, NalcoChampion, Weatherford, Flowserve kabi korporatsiyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xulosa: O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi uning YeI va va AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlariga putur yetkazadigan qandaydir iqtisodiy yoki siyosiy harakatlarni anglatmaydi. Aksincha, 32 million kishilik O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi YeOIIning Markaziy osiyolik ishtirokchilari blokini kuchaytirib, ittifoq ichidagi "kuchlar muvozanati"ga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilaydi, milliy qonunchilikni uyg‘unlashtiradi, biznes va xizmatlar eksporti uchun yangi imkoniyatlarni ochadi, bu esa O‘zbekistonga, shu jumladan YeI va AQShdan qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qiladi.

Bahrom Ismoilov 1983 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2005 yil O‘zbekiston Milliy Universitetini «Huquqshunoslik» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, 2010 yilda Rossiya TIVning MGIMO oliygohida «YeIning immigratsion siyosati, Rossiya va YeII chegaralarini qo‘riqlash» dasturi bo‘yicha malaka oshirish kursini o‘tgan, 2012 yilda RF Hukumati qoshidagi Moliya Akademiyasini Krizislarga qarshi boshqarish mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan.

U «BUYUK KELAJAK» XNNT ta'sischisi. RF Davlat Dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlar kengashining a'zosi, Rossiya Federatsiyasining Huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlari xodimlarining uyushmasi direktorining ijtimoiy-huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.

2012 yildan beri Rossiya Federatsiyasining Iqtisodiy rivojlanish Vazirligi qoshida iqtisodiy nochorlik (bankrotlik) va moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlari bo‘yicha arbitraj boshqaruvchisi bo‘lib ishlaydi.

Mavzuga oid