O‘zbekiston | 21:09 / 09.10.2019
7841
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rossiyalik sayyohlar uchun eng ommabop mamlakatlar ro‘yxatida yetakchi bo‘ldi

Rossiyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib bormoqda, deb ma'lum qildi Tutu.ru sayyohlik xizmati Rossiya shaharlaridan O‘zbekistonga sotilgan aviachiptalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar tahliliga asoslanib.

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi bir yarim yil ichida sayohatchilarning O‘zbekistonga qiziqishi ortgan va O‘zbekiston 2019 yilda aviachiptalar sotilishi bo‘yicha eng ommabop xorijiy davlatga aylangan.

“Hozirda O‘zbekistonning asosiy raqibi Armaniston. Yaqin vaqtgacha (2019 yil iyulga qadar) O‘zbekiston sayyohlar e'tiborini tortish uchun Gruziya bilan raqobatlashdi, ammo Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlar yopilgandan keyin Gruziyaga borishni istagan sayohatchilarning ulushi 4-5 baravar kamaydi”, deyiladi tahlilda.

Yaqin xorij kesimida O‘zbekistonning ulushi o‘rtacha 16 – 18 foizni tashkil qiladi. O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida esa bu ko‘rsatkich 21 foizga yetdi.  

Ushbu kuzda mustaqil sayyohlar uchun eng ommabop mamlakatlar uchligi quyidagicha: O‘zbekiston, Armaniston va Germaniya. O‘tgan yilning shu vaqtida yetakchilar quyidagicha ko‘rinishda edi: O‘zbekiston, Gruziya va Armaniston. O‘zbekiston ikkinchi yildirki, yetakchilikni egallab turibdi.

 

Mavzuga oid