12:40 / 18.10.2019
1
12091

«Bank va moliya sohasi xodimlari kuni»ni belgilash taklif etildi 

Foto: Dreamstime

O‘zbekistonda “Bank va moliya sohasi xodimlari kuni”ni belgilash taklif etildi. Bu haqdagi tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, ko‘pgina mamlakatlarda har bir ommaviy kasb turlari uchun kasb bayramlarini (kunlarini) belgilash (va nishonlash) an'anasi mavjud.

“Shu jumladan, O‘zbekistonda ham aksariyat kasb egalari uchun yilning ma'lum kunlari (sanalari) kasb bayrami sifatida nishonlanadi. Hozirda yurtimizda bank va moliya sohasida ko‘plab xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan kelib chiqib, soha xodimlarini o‘zaro jipsligini ta'minlash, o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistonda ham bank va moliya sohasi xodimlari uchun maxsus kasb bayramini belgilash maqsadga muvofiq bo‘lar edi (izoh - bu kun rasmiy dam olish kuni bo‘lmaydi)”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, Qozog‘istonda 15 noyabr (milliy valuta qabul qilingan kun) - Qozog‘iston Respublikasi moliya sohasi xodimlari kuni; Rossiyada 2 dekabr - Rossiya bank xodimi kuni; Qirg‘izistonda 10 may - Qirg‘iziston bank xodimi kuni; Moldovada 4 iyun (Moldova Milliy banki tashkil etilgan kun) - Moldova bank xodimi kuni sifatida belgilangan.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda mamlakatimizda ham “Bank va moliya sohasi xodimlari kuni”ni belgilashni taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top