Jamiyat | 18:15 / 24.10.2019
12489
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda shifokorlar igna yutib yuborgan yigitning hayotini saqlab qolishdi

Qarshida 19 yoshli yigit yutib yuborgan igna uning bo‘yin umurtqasidan olib tashlandi.

17 oktabr, payshanba kuni respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali xirurgiya bo‘limiga tish tozalayotgan vaqtda igna yutib yuborgan bemor operatsiya qilingan.

«Joriy yilning 17 oktabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga 19 yoshli Ozod Normatov favqulodda tibbiy yordamga muhtoj holda keltirildi. Aniqlanishicha, yigit tikuv ignasi bilan tish kavlamoqchi bo‘lgan, ammo ehtiyotsizlik oqibatida uni yutib yuborgan.

Tibbiyot xodimlarining tezkorlik bilan o‘tkazgan tekshiruvlaridan so‘ng uni Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limiga olib borishga qaror qilindi. Ikki tibbiy muassasaning malakali mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan konsiliumda jarrohlar hamkorlikda bemorga yordam berishga kengashib olishdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

«Tekshiruvlar vaqtida igna uchinchi bo‘yin umurtqasining chap tomonida ekanligi aniqlandi. Noyob jarrohlik amaliyotini EOP (elektron-optik preobrazovatel) uskunasi yordamida tajribali xirurglar Suvon Berdiyev va Soat Temirov amalga oshirishdi. Ushbu amaliyotning murakkabligi shundaki, salgina ehtiyotsizlik qilinsa, u og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Chunki bo‘yin qismida joylashgan katta qon tomirlari va asab tizimiga zarar yetkazmasdan ignani bo‘yin umurtqasidan chiqarib olish amaliyoti jarrohlardan yuksak malaka va mahorat talab etardi. Va jarrohlarimiz buni muvaffaqiyat bilan uddalashdi. Jarrohlik amaliyoti asoratsiz tarzda amalga oshirildi. Bemorni yana hayotga qaytarganimizdan mamnunmiz», – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filiali direktori Ravshan Tulyakov.

«Mana shunday murakkab vaziyatlarda shifokorning bilimi, malakasi, tibbiyotning zamonaviy yutuqlari va uslublarini qanchalik o‘zlashtirgani muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday paytlarda inson hayotini saqlab qolish uning mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Mazkur amaliyot buning yaqqol dalilidir. 

Ayni paytda bemor o‘zini juda yaxshi his etmoqda», deyiladi SSV ma'lumotida.

Mavzuga oid