O‘zbekiston | 18:49 / 29.10.2019
2359
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Naqshbandi Tourism Festival 2019» xalqaro tadbiri bo‘lib o‘tadi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

«Naqshbandi Tourism Festival 2019» xalqaro festivali doirasida 18 davlatdan 200 ga yaqin mehmonlarning tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Ularning orasida jahonga mashhur olimlar, fan va jamoat arboblari, turistik tashkilotlar vakillari bor.

31 oktabr -7 noyabr kunlari Malayziyaning «Umumjahon So‘fiylar tashkiloti» tashabbusi bilan O‘zbekistonda ziyorat turizmi yo‘nalishida «Naqshbandi Tourism Festival 2019» nomli xalqaro tadbiri o‘tkazilishi kutilmoqda. Mazkur tadbir «Hilal Travel» sayyohlik tashkiloti hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ko‘magida, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Tashqi ishlar vazirligi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» hamkorligida tashkil qilinmoqda.

«Naqshbandi Tourism Festival 2019» xalqaro festivali doirasida 18 davlat, jumladan, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Hindiston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Braziliya va AQSh davlatlaridan 200 ga yaqin mehmonlarning tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Ularning orasida jahonga mashhur olimlar, fan va jamoat arboblari, turistik tashkilotlar vakillari bor.

Ziyorat dasturi doirasida mehmonlar Toshkent shahrida kutib olinib, so‘ngra Buxoro shahri tomon yo‘l olishadi. U yerda «Yetti pir» nomi bilan mashhur bo‘lgan hazrat Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Orif Revgariy, Xo‘ja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Muhammad Bahouddin Naqshbandiy, Xo‘ja Boboi Samosiy, Xo‘ja Ali Romitaniy, Abul Hafs Kabir hamda Sayyid Amir Kulol kabi ulug‘ zotlarning ziyoratgohlarini ziyorat qilishadi.

Bundan tashqari, festival dasturiga ko‘ra, mehmonlarning Mir Arab Oliy madrasasiga tashrifi hamda uning faoliyati bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.

Shundan so‘ng xalqaro tadbir mehmonlari Samarqand shahriga yo‘l olishadi. Temuriylar poytaxtida ziyoratchilar hazrati Imom Buxoriy majmuasi, hazrat Xo‘ja Ubaydulloh Ahror hamda Shohi Zinda majmualarini ziyorat qilishadi.

Mehmonlar shuningdek, Qarshi va Termiz shaharlariga ham tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u yerlarda Abul Muin Nasafiy, imom At-Termiziy, Hakim Termiziy kabi islom olamining mashhur allomalari mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qilishadi.

Ushbu ziyoratlardan so‘ng mehmonlar Toshkentga yo‘l olib, poytaxtda Hazrati Imom kompleksi va O‘zbekiston musulmonlar idorasiga tashrif buyurishadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ilk bor mushafi sharif chop etilayotgan «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti faoliyati bilan tanishish hamda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid majmuasiga tashrif buyurish rejalashtirilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid