Jahon | 10:00 / 03.11.2019
6925
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston mudofaa vaziri muxolifatni ogohlantirdi

"Muxolifatchi partiyalarning aniq savoli yoki talabi yo‘q. Ular faqat bosh vazirning iste'fosini ko‘zlashmoqda. Bosh vazir ko‘chaga chiqqan 30-40 ming namoyishchining talabi bilan iste'fo berishi noto‘g‘ri bo‘ladi", dedi Parvez Xattak.

Pokiston mudofaa vaziri Parvez Xattak muxolifatga bosh vazir iste'foga chiqmasligini ma'lum qildi. 

"Hukumat muxolifat bilan muzokaralar uchun ochiq, ammo bosh vazir Imron Xonning qayta saylanishi yoki iste'fosi haqida hech qanday so‘z ketmayapti", - dedi Xattak.

"Muxolifatchi partiyalarning aniq savoli yoki talabi yo‘q. Ular faqat bosh vazirning iste'fosini ko‘zlashmoqda. Bosh vazir ko‘chaga chiqqan 30-40 ming namoyishchining talabi bilan iste'fo berishi noto‘g‘ri bo‘ladi. Bunday sharoitda mamlakatda demokratiya yashay olmaydi", deb izohladi vazir muxolifatning talabini.

27 oktyabrda "Jamoat ulamoi Islomi" partiyasi tarafdorlari boshqa yirik muxolifat birlashmalari bilan birgalikda Pokistonning turli shaharlaridan Islomobod tomon yo‘l olishdi. Ular 1 noyabr kuni Islomobodga yetib kelishdi. Tashkilotchilar bosh vazir Imron Xonning iste'fosini talab qilib muddatsiz ish tashlash o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

1 noyabr kuni "Jamoat ulamoi Islomi" partiyasi yetakchisi Fazl-ur-Rahmon mamlakat bosh vaziridan 48 soat ichida iste'foga chiqishni talab qildi.

Mavzuga oid