Jahon | 17:25 / 13.11.2019
5164
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada musulmonlarga qarshi terakt uyushtirishga tayyorlanganlikda gumonlanganlar qo‘lga olindi

Foto: Depositphotos / Patryk_Kosmider

Tintuv davomida ko‘p miqdorda portlovchi moddalar, qurol va o‘q-dorilar, sakkizta idishda zaharli kimyoviy modda va portlovchi moddalar tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnomalar topilgan.

Polsha ichki xavfsizlik agentligi (ABW) xodimlari portlovchi moddalardan foydalanib terakt uyushtirishga tayyorlanganlikda gumon qilingan ikki kishini qo‘lga oldi. Bu haqda agentlik xabar berdi.

ABW matbuot xizmatining yozishicha, qo‘lga olinganlar "Polshada yashovchi islom diniga e'tiqod qiluvchi shaxslarga qurol va portlovchi moddalar bilan hujum uyushtirishga tayyorlanishgan".

To‘plangan dalillarga ko‘ra, gumonlanuvchilar "Norvegiyada Anders Breyvik va Yangi Zelandiyada Brenton Tarrant sodir etgan terrorchilik harakatlaridan namuna olishgan".

Tintuv davomida ko‘p miqdorda portlovchi moddalar, qurol va o‘q-dorilar topildi, deb qayd etadi ABW. Shuningdek, sakkizta idishda zaharli kimyoviy modda va portlovchi moddalar tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnomalar topilgan.

Eslatib o‘tamiz, 15 martda Yangi Zelandiyadagi ikkita masjidda 28 yoshli Brenton Tarrant otishma sodir etgan, natijada 51 kishi halok bo‘lgan va 50ga yaqin kishi jarohatlangandi.

2011 yil 22 iyulda Breyvik Norvegiya poytaxti Oslo shahrida sakkiz kishini va shahar yaqinidagi yoshlar lagerida 69 kishini otib o‘ldirgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid