Yaponiyaga borganlar ilg‘aydigan eng birinchi narsa – hududning tozaligi. Ko‘cha-ko‘yda biror chiqindiga ko‘zingiz tushmaydi. Ajablanarlisi, Yaponiyada ko‘cha supuruvchilarni uchratish ham amri mahol, deb yozadi BBC.
«Beshinchi qator hojatxona tozalashga...»
Har biri 50 daqiqadan davom etuvchi 7 soatlik darslardan keyin, o‘quvchilar uyga qaytishni qanchalik xohlab, ich-ichidan shoshilib turganini tasavvur qilish qiyin emas. Biroq ular o‘qituvchining kichik e'lonini sabr bilan tinglaydilar.
Doimgidek, muallimning yakunlovchi nutqi boshlanadi: «Xo‘sh... hammaning diqqatiga. Bugungi tozalik uchun navbatchilik jadvali. Birinchi va ikkinchi qator sinfxonani tozalaydi, uchinchi va to‘rtinchi koridorni, beshinchi qatordagilar esa hojatxonani tozalaydi».
Beshinchi qatordan ayrimlarning yuzida norozilik kayfiyati seziladi. Shunga qaramay, o‘rinlaridan turib, sinfxona oxiridagi tozalik shkafidan chelak va cho‘tkalar, kiyimlarni olib, hojatxona tozalashga yugurishadi.
Shu tanish manzara har kuni Yaponiyaning har bitta maktabida takrorlanadi.

Jumboqning oddiy javobi
Yaponiyada birinchi marta bo‘lib turgan sayyohlarning aksariyati bu yerdagi tozalikdan hayratga tushadi. Hatto atayin mamlakatning ozodaligini ko‘rish uchun keladiganlar ham bor. Ular Yaponiyaga kelib, ko‘cha-ko‘yda tashlab ketilgan mayda chiqindilar haqiqatan ham yo‘qligining guvohi bo‘lishadi.
Shu bilan birga, ko‘cha supuruvchilar ham yo‘qligi – yana bir qiziq holat. Mana shu paytda sayyohlarning xayoliga keladigan savol tabiiy: qanday qilib davlat bu qadar tozalikka erishgan?
Bu yerda yashovchilar uchun esa javob oddiy. «12 yillik maktab davrida, boshlang‘ichdan to yuqori sinfni tugatguncha tozalik vaqti – o‘quvchilar kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lib kelgan», – deydi Hiroshima prefekturasi hokimligining Tokiodagi ofisi direktori o‘rinbosari Maiko Avane.
«Uyimizda ham ota-onalarimiz bolalariga o‘ziga tegishli buyumlar va o‘zimiz yashaydigan joyni ozoda saqlash muhimligini doimo o‘rgatib boradi», deya qo‘shimcha qiladi u.
Shuningdek, maktabda o‘tiladigan ijtimoiy ogohlik fani ham o‘quvchilarga atrof-muhitni asrash va o‘zini unga daxldor deb his etishiga yordam beradi.












