«Xalq oldida va konstitutsiyaga binoan, insonlar farovonligi va butun dunyodagi tinchlik uchun, Yaponiya va uning xalqiga ularning ramzi sifatida xizmat qilishga qasamyod qilaman.
Xalqimizning donoligi va mehnati bilan mamlakatimiz yana ham gullab-yashnasin. Sa'y-harakatlarimiz tinchlik va xalqaro jamoatchilik bilan do‘stlikka hamda insoniyat farovonligi uchun xizmat qilsin», – dedi imperator.

Ob-havoning noqulayligi va mamlakatda motam kunlari bo‘lishiga qaramay, marosim 2 mingga yaqin mehmon ishtirokida o‘tdi.
An'anaga muvofiq Yaponiyaning qadimiy poytaxti Kiotoda o‘tgan tadbir mamlakatning barcha telekanallari orqali translatsiya qilindi.


Imperator saroyining bosh zalidagi marosimda 183ta davlatdan tashrif buyurgan taxminan 400 nafar xorijlik yuqori martabali delegatlar qatnashdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Buyuk Britaniya valiahd shahzodasi Charlz, Ispaniya qiroli Filipp VI, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer, Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi, Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr, Daniya valiahd shahzodasi Frederik, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy shular jumlasidan.
Ma'lum bo‘lishicha, xorijdan tashrif buyurgan oliy darajadagi 400 mehmonning 70 nafarini bevosita davlat rahbarlari va monarxlar tashkil etgan.

Qayd etish kerak, oliy darajadagi marosim protokoli 200 yildan ko‘proq vaqtdan buyon o‘zgarmay kelmoqda.
1869 yildan boshlab ushbu tadbir uchun xitoycha emas, balki yaponcha marosim liboslarini kiya boshlashgan. Jumladan, bugungi tadbir vaqtida imperatritsa Masako 12 qavatli, taxminan 15 kg tosh bosadigan an'anaviy libosda edi.














