Toshkentda bola huquqlari Konvensiyasining 30 yilligi munosabati bilan konferensiya o‘tkazildi
Toshkentda bola huquqlari to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘lgani munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.
Konferensiyada Bosh prokuratura akademiyasi, Adliya vazirligi, Yoshlar ittifoqi, «Yuksalish» umummilliy harakati vakillari, YUNISEF mutaxassislari, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan YUNISEF mintaqaviy ofisining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassisi Fenni Kakama odil sudlov orqali bolalar huquqlarining himoyalanishini ta'minlash, bu boradagi asosiy muammo va yechimlar haqida so‘z yuritdi.
«Bolalar o‘z-o‘zidan jinoyatchiga aylanib qolmaydi. Yashayotgan muhiti, vaziyat ularni oxir-oqibat qonun chegarasidan o‘tishiga sabab bo‘ladi. Albatta, ana shu omillarning erta aniqlanishi bolani jinoyatchilikdan saqlab qolishga hissa qo‘shadi.
Bola xulq-atvorining og‘ir bo‘lishiga uydagi muhit, u bilan qattiqqo‘l munosabatda bo‘linishi, yaqinlari u bilan til topa olishmagani sabab bo‘ladi. Ayrim mamlakatlarda ular bilan ishlash chorasi sifatida maxsus o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtiriladi. Aslida esa bu yopiq muassasa. Biz bu amaliyotdan uzoqlashishimiz kerak. Bu bolalar bilan ijtimoiy organlar shug‘ullanishlari kerak. Mazkur yopiq muassasalarga joylashtirib, ularning ijtimoiy muammolarini hal etishga yordam bermaymiz», – deydi Fenni Kakama.
YUNISEF vakili bolalar bilan ishlashda to‘g‘ri munosabatda bo‘lish muhimligini qayd etdi va nutqini 2002 yilda BMTning maxsus yig‘ilishi protokolida keltirilgan, bolalar tomonidan aytilgan so‘zlar bilan yakunladi:
«Biz muammolar manbayi emasmiz. Ana shu muammolarni hal qilish resursimiz. Biz xarajat emas, sarmoyamiz. Biz bor-yo‘g‘i yoshlar emas, inson va fuqarolar hammiz».
Ma'lumot uchun, bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya 1989 yil 20 noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 44-sessiyasida qabul qilingan. Hujjatda bolalarning shaxsiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari, ularni ta'minlash va himoyalash prinsiplari belgilangan.
O‘zbekiston mazkur Konvensiyaga Oliy Kengashning 1992 yil 9 dekabrdagi Qaroriga muvofiq qo‘shilgan. Hujjat O‘zbekiston uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan.
Mavzuga oid
14:33 / 07.11.2024
YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi
22:44 / 03.08.2024
Bangladeshdagi namoyishlar oqibatida o‘nlab bolalar halok bo‘ldi - YuNISEF
18:36 / 08.06.2024
O‘zbekiston bolalar to‘yib ovqatlanmaydigan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi
09:41 / 16.05.2024