O‘zbekiston | 22:47 / 29.11.2019
7154
4 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirligi hisoboti eshitildi: vazirlik 2ta topshiriqni bajarmagan

29 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining 2019 yil to‘qqiz oyi mobaynidagi faoliyati haqida hisobot eshituvi o‘tkazildi.

2019 yil davomida Transport vazirligi zimmasiga  62ta maqsadli vazifa yuklatilgan bo‘lib, shundan 2019 yilning 9 oyi davomida 33ta topshiriq bajarilishi belgilangan. Vazirlik tomonidan taqdim qilingan ma'lumotlarga asosan va o‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, bajarilishi lozim bo‘lgan 33ta topshiriqlarning 31tasi ijro etilgan.

Jumladan, 2019 yilning I, II va III choraklarida 72ta yo‘lovchi tashish avtomobil yo‘nalishlarini ochish belgilangan bo‘lib, amalda 73ta yo‘lovchi tashish avtobus yo‘nalishlari tashkil etilgan.  Shuningdek,   2ta avtostansiyada qurilish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish vazifasi belgilangan bo‘lib, hisobot davrida 5ta avtostansiyada qurilish ishlari hamda 2ta avtostansiyada rekonstruksiya ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgan. 

Bundan tashqari, respublika transport-logistika kompleksi holatini baholash tizimini joriy etish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan amaliy chora tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

Shu bilan birga, 2019 yilning I-III choragida bajarilishi lozim bo‘lgan 33ta topshiriqning 2tasi bajarilmagani aniqlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatlari o‘rtasida havo qatnovlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasini 2019 yilning III choragida kelishish belgilangan. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar   yakunlanmagan va Transport vazirligi tomonidan hujjat loyihasining oxirgi matnini kelishish hamda ikki davlat Aviatsiya ma'muriyatlari o‘rtasida imzolanishini joriy yilning oktabr yoki noyabr oylarida tashkil etish yuzasidan taklif xati tayyorlanib, Tashqi ishlar vazirligiga yuborilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi hukumatlari o‘rtasida havo qatnovlari to‘g‘risidagi yangi Bitim loyihasini 2019 yilning III choragida kelishish belgilab o‘tilgan. Mazkur hujjat loyihasini kelishish ishlari to‘liq yakunlanmagani aniqlandi.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Maxkamov hisobotni o‘qib eshittirish davomida jahon bankining LPI (Logistika samaradorligining indeksi metodologiyasi)ga muvofiq respublikaning transport-logistika kompleksi ahvolini baholash tizimini joriy etilishiga oid ma'lumotlarni taqdim etdi. 

«Jahon bankining 2018 yildagi hisobotiga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston 163ta davlat orasida 99-o‘rinni egalladi. 

LPI indeksining 6ta asosiy omillari mavjud. Unga ko‘ra, bojxona samaradorligi bo‘yicha 140-o‘rinda, infratuzilma sifati bo‘yicha 77-o‘rinda, xalqaro tashuvlarni amalga oshirilishining soddaligi bo‘yicha 120-o‘rin, logistika qamrovi bo‘yicha 88-o‘rin, yuklarni kuzatish bo‘yicha 90-o‘rin, yuklarni yetkazib berish muddatiga rioya etish bo‘yicha 91-o‘rin egallandi», - deya Ilhom Mahkamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid