21:25 / 17.12.2019
2
38069

2019 yilning eng nufuzli ayollari e'lon qilindi

Germaniya kansleri Angela Merkel Forbes nashri tomonidan 2019 yilning eng nufuzli ayoli deb topildi. Nemis siyosatchisi ushbu nashr 16 yildan buyon e'lon qilib kelayotgan reytinglarda bu yil 14-marta qayd etildi.

Yuzlik ro‘yxatning yuqori o‘nligini amerikalik va yevropalik xonimlar band etgan. Reyting ayollarning biznes, texnologiya, moliya, media, siyosat, xayriya va ko‘ngilochar tadbirlardagi faolligi asosida tuzilgan.

Ikkinchi o‘rinda Yevropa Markaziy banki prezidenti, fransiyalik Kristin Lagard qayd etilgan bo‘lsa, yuqori uchlikni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi yakunlab beradi.

Nensi Pelosi (chapda) va Kristin Lagard (o‘ngda)
Foto: Alex Wong / Getty Images

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen to‘rtinchi, General Motors ijrochi direktori Meri Bara beshinchi o‘rinda ko‘rsatilgan.

Chapdan o‘ngga: Kristin Lagard, Angela Merkel, Ursula fon der Lyayyen
Foto: BestImage

40-pog‘onani Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II band etgan bo‘lsa, yaqinda «Time» nashri tomonidan «Yil odami» deb topilgan yosh ekofaol Greta Tunberg so‘nggi yuzinchi o‘rinni egallagan.

16 yoshli Tunberg – bu ro‘yxatga kirgan tarixdagi eng yosh qiz bo‘ldi. Qirolicha Yelizaveta II esa eng keksa xonim hisoblanadi.

CBNC'ning yozishicha, 2019 yilgi ro‘yxat 7 avlod xonimlarini o‘z ichiga olib, 32 davlat vakillaridan iborat bo‘lgan.

Reytingga kirgan ayollarning teng yarmi – shimoliy amerikaliklardir.

«Ro‘yxatga dunyoning eng qudratli innovator, tahlilchi lider xonimlari kiritilgan. Ular an'anaviy strukturalarni yangilashga xizmat qilayotgan, o‘z sohalarida katta ta'sirga ega ayollar hisoblanadi», – deydi Forbes jurnali vitse-prezidenti Moyra Forbes.

Ma'lumotlarga qaraganda, ushbu yuz nafar ayolning boyligi jami 2,3 trillion dollarni tashkil etadi. Ularning qo‘l ostida dunyo bo‘ylab 6,5 million xodim ishlamoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top