O‘zbekiston | 20:50 / 22.12.2019
19231
2 daqiqa o‘qiladi

Uch mingga yaqin o‘zbekistonlik yashaydigan shahar – Kvangjudagi saylovdan reportaj

Janubiy Koreyada 22 dekabr, yakshanba kuni tonggi soat 08:00dan boshlab ikkita saylov uchastkasi ochildi va saylovchilarni qabul qila boshladi. Ovoz berish jarayonlari 20:00ga qadar davom etdi.

Kun.uz muxbiri Eldor Vohidovning Kvangju shahridan xabar qilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu shahardagi vakolatxonasi qoshida 55-saylov uchastkasi tashkil etilgan.

O‘tgan 1 oy davomida konsullik idorasi xodimlari ishtirokida Kvangjudagi O‘zbekiston fuqarolari bilan jonli muloqot-suhbatlar tashkil etib kelindi, 12 dekabrdan esa chekka hududlarda muddatidan ilgari sayyor saylovlar o‘tkazildi. Jumladan, bunday muloqot va ovoz berish jarayonlari Mokpo, Changvon va Tegu kabi shaharlardagi zavod ishchilari o‘rtasida o‘tkazildi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanjudagi vakolatxonasi rahbari Alisher Sulaymonovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat janubidagi bu shaharda 3 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi yashaydi.

Alisher Sulaymonov (o‘rtada)

55-saylov uchastkasi joylashgan hudud xavfsizligini ta'minlash maqsadida konsullik tomonidan chiqarilgan xat asosida mahalliy politsiya xodimlaridan 12 nafari jalb etilgan.

Ma'lumot uchun, hafta kunlari davomida vakolatxonaga o‘z yumushlari bilan keladigan fuqarolar haydovchilik guvohnomasi, ish joyida vaqtida berilmayotgan oylik maosh, tug‘ilganlik guvohnomasi va boshqa masalalarga doir mavzularda murojaat qilishadi. Idora haftaning shanba kunidan tashqari 6 kun davomida 09:00dan 18:00ga qadar faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasida o‘tgan saylov jarayonidan ham reportaj taqdim etilgan edi.

 

Mavzuga oid