O‘zbekiston | 11:20 / 22.12.2019
38740
2 daqiqa o‘qiladi

Vodiy shaharlariga Tojikiston orqali avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Qamchiq dovoni transport vositalari harakati uchun yopilgani munosabati bilan Transport vazirligi Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Avtobus Tojikiston Respublikasi hududi orqali tranzit harakatlanadi.

Foto: Transport vazirligi

«Qamchiq dovoni hududida noqulay ob-havo sharoiti kuzatilayotgani hamda qor ko‘chishi xavfi mavjudligi bois haydovchilar va yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida dovon bo‘ylab avtomobil vositalarining harakatlanishi vaqtinchalik to‘xtatildi. Qamchiq dovoni yo‘nalishidan foydalanadigan barcha yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan Farg‘ona vodiysiga buyurtma avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur yo‘nalishda «Uzautotrans service» korxonasi Yutong avtobuslarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobus Andijon, Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari bo‘ylab harakatlanadi. Avtobus Qo‘yliq dehqon bozori yaqinidan (vodiy pitak) yo‘lga chiqadi. Avtobus Tojikiston Respublikasi hududi orqali tranzit harakatlanadi. Shu sababdan yo‘lovchilar o‘z shaxsiy pasportlari bilan avtobusga chiqishlari lozim», deyilgan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabarida.

21 dekabr kuni noqulay ob-havo sharoiti tufayli Qamchiq dovonida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Shu kuni dovonda qolib ketgan mashinalardagi haydovchilar va yo‘lovchilar FVV xodimlari tomonidan maxsus joylarga evakuatsiya qilindi.

Bundan avvalroq  dovondagi vaziyat tufayli «O‘zbekiston temir yo‘llari» Toshkentdan vodiy viloyatlariga bitta qo‘shimcha poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ygandi.

Mavzuga oid