Jamiyat | 18:34 / 11.01.2020
13334
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi Saxalinda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha bayonot berdi

Foto: Sergey Krasnouxov/TASS

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi internetda bir guruh O‘zbekiston fuqarolarining Andijon viloyatidagi xususiy bandlik agentligi tomonidan Rossiyaning Saxalin viloyatiga ishga jo‘natilgani, mehnat sharoitlari yomonligi va xususiy bandlik agentligi tomonidan aldangani bayon etilgan ma'lumot bo‘yicha bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi Tashqi ishlar vazirligi konsullik-huquqiy departamenti bilan birgalikda mazkur holat yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.

Aniqlanishicha, videomurojaatda ta'kidlanganidek, Andijondagi xususiy bandlik agentligi tomonidan emas, boshqa konsalting firma orqali 27 nafar fuqaro Rossiya Federatsiyasining Saxalin viloyatiga ishga ketgan. Ularga avvaldan bo‘lajak ish joyi xususidagi ma'lumotlar taqdim etilgan, biroq u yerdagi ish sharoitlarini ko‘rgandan so‘ng ular ishlashni rad etgan va ish beruvchi tomonidan tayyorlangan patentlarni olishdan bosh tortgan. 

Darhaqiqat, Rossiyada taklif qilingan ish oson bo‘lmagan. Ish beruvchining so‘zlariga ko‘ra, u konsalting firma bilan tuzilgan shartnoma shartlarini buzmagan. Fuqarolarda yetarli darajada ko‘nikma bo‘lmagani sababli ular bir oy davomida beton quyish bilan shug‘ullangan va bu orqali ish beruvchi ishchilarga dastlabki kasbiy ko‘nikmalarni bergan.

Ushbu fuqarolarning 11 nafari, xususan videomurojaat qilgan fuqaro hozirgi kunda O‘zbekistonga qaytib kelgan, qolganlari esa Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

“Shu o‘rinda fuqarolardan xorijda ishlash yuzasidan vositachi firmalar yoki ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzayotganda ish beruvchining imkoniyatlari, mehnat sharoitlari, ish haqi miqdori kabi masalalarni atroflicha o‘rganishlarini tavsiya qilamiz.

Muammoli vaziyatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalariga yoki 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz so‘raladi”, deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid