Jahon | 19:11 / 26.01.2020
22181
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya prezidenti zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlarning janoza marosimida qatnashdi

Foto: AP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Elyazig‘ viloyatida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida qurbon bo‘lgan ona va uning o‘g‘lining janoza marosimida qatnashdi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi. 

«Biz ko‘plab zilzilalarni boshdan kechirganmiz, ammo xalqimiz sabr bilan tik turib kelgan», - dedi Erdo‘g‘an. 

U davlat odamlarni qutqarish ustida operativ tarzda ishlashiga va infratuzilmani tiklashga va'da berdi.

«Zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda hech kimning uysiz qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz», - dedi u.

Turkiya prezidenti shuningdek, qutqaruv ishlari olib borilayotgan hududlarda ham bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 24 yanvar kuni Turkiyaning Sivrij shahri yaqinida 6,8 magnitudali zilzila yuz bergandi. Uning kuchi shuningdek qo‘shni Iroq, Suriya va Livanda sezilgan. Tabiiy ofat hududida 72 ta uy vayron bo‘lgan, 923 ta uyga shikast yetgan.

Qutqaruv-qidiruv ishlari davomida 31 kishining jasadi topilgan. Shu bilan birga, 40 dan ko‘proq odam vayronalar ostidan chiqarib olingan. 1500 dan ko‘proq odam turli jarohatlar olgan, ulardan ba'zilarining ahvoli og‘ir.

Mavzuga oid