Bi-bi-si shu savolga javob izladi.

Bugungi kunda Yer yuzi aholisi har qachongidan ko‘ra ko‘proq. Sayyorada bugungi kunda - 7,7 mlrd kishi yashamoqda, aholi soni kundan kunga ortmoqda va zichlashmoqda.

Odamlar ko‘paymoqda - kengliklar toraymoqda. Bu esa patogenlar (kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar) odamlar orasida tez tarqalishini ta'minlaydi.

Healthmap.org sayti butun dunyodagi turli viruslarning tarqalishini kuzatadi. Hozirda global vaziyat shunday ko‘rinmoqda

Uxan koronavirusi kasallangan odam yo‘talganida yoki aksirganida tupuk tomchilari orqali yuqadi. Inson organizmdan tashqarida virus uzoq vaqt yashab qola olmaydi, shuning uchun yuqishi uchun odamlar juda yaqin bo‘lishi talab etiladi.

Halokatli koronavirus: yuqtirmaslikning iloji bormi, «ispanka» takrorlanadimi, vaksina qanday ishlaydi? Savollar va javoblar

2014 yilda Ebola virusi epidemiyasi bilan ham shunday bo‘lgandi. U qon va tanadagi boshqa suyuqliklar orqali tarqalar, uni zararlangan odam bilan yaqin aloqada bo‘lganlargina yuqtirardi.

Barcha viruslar ham odamdan odamga yuqmaydi, ammo chivinlar orqali tarqatiladigan Zika virusi ham odamlar tig‘iz yashaydigan joylarda tezroq tarqalishi ma'lum bo‘lgan. Chivinlar oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l bo‘ladigan shaharlarda o‘zlari uchun qulay sharoitga ega bo‘lishadi. Ular odamlar tig‘iz yashaydigan va issiq yoki iliq iqlimli hududlarda tezlik bilan ko‘payishadi.

2007 yilda shaharlar aholisi soni qishloqlar aholisi sonidan oshib ketgandi. Bugungi kunda esa 4 milliarddan ortiq kishi quruqlikning bir foiziga teng qismidagi hududlarda yashamoqda.

Ko‘plab shaharlar aholi o‘sishiga tayyor emas. Bunday shaharlardagi odamlar ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta'minlanmagan xaroba uylarda yashashadi. Bunday sharoitda esa kasallik tez tarqaladi.