O‘zbekiston | 21:11 / 09.02.2020
25708
5 daqiqa o‘qiladi

Kitobda qabrni kavlagan ayolni «samosud» qilganlarga jarima tayinlandi

«Samosud»da ayblangan uch kishi 446 ming so‘mdan jarimaga tortildi.

Kun.uz saytida «Qabristonda mayyitlarning tilla tishini sug‘urib olishga uringan shahrisabzlik ayol aholi tomonidan kaltaklangan» sarlavhasi ostidagi materialda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida qabristonda mayyitlarning qabrini ochgan ayol mahalliy aholi tomonidan «samosud» qilib kaltaklangani haqida xabar berilgan edi.

Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, voqea 2019 yilning 1 sentabr kuni soat 13:30larda Kitob tumani «Ulug‘bek» MFY hududida joylashgan «Qabri Oxun» qabristonida ro‘y bergan.

Shahrisabz tumanining Saroy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sh.U. borib, o‘ziga notanish marhum T.A.ning qabrini qo‘lida bo‘lgan teshacha bilan qazimoqchi bo‘lganida, shu mahallada yashovchi  fuqarolar tomonidan ushlab olingan. Mazkur holat Kitob tuman IIB Navbatchilik qismidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruvchi tomonidan 2019 yil 1 sentabr kuni hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganida marhum T.A. qabrining ustki qismi buzilgan holatda ekani, qabr yarmigacha ochilgani, qabrdan 3 dona yog‘och kavlab olingani, qabrning yonida kavlash uchun mo‘ljallangan «teshacha» va yonida qora rangli tovuq ham bog‘langan holda turgani aniqlangan.

Sudga oid psixiatriya ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, tekshiriluvchi Sh.U. mutaxassislar ko‘rigida bo‘lishiga qaramasdan, muqaddam asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanmagani, dispanser hisobida turmasligi, tekshiruv vaqtida ruhiy holatidagi ayrim klinik belgilarida noaniqliklar kuzatilgani bois, ambulator-sudlov ekspertizasi hay'atida shubha uyg‘otgani sababli tekshiriluvchining ruhiy holatiga aniqlik kiritish va ruhiy holatini ilmiy asoslab berishlik lozim bo‘lgani uchun O‘zbekiston Respublikasi SSV qoshidagi Respublika 1-sonli klinik ruhiy kasalliklar shifoxonasida statsionar tartibda sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish tavsiya etilgan. 

Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.U.ning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 134-moddasida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlangan bo‘lsa-da, u tomonidan sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish, kam ahamiyatli qilmish o‘laroq baholanib, mazkur holat yuzasidan unga nisbatan 2019 yil 18 sentabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan.

Fuqaro Sh.U. tan jarohati olgani yuzasidan ichki ishlar organlariga shikoyat yoki ariza bilan murojaat qilmagan.

Internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlarda Sh.U.ning harakatlaridan norozi bo‘lgan fuqarolar uning ustidan «samosud» uyushtirib, kaltaklangani holati aks etgan.

Shu sababli 4 fevral kuni fuqaro Sh.U. ga nisbatan yetkazilgan tan jarohati va haqorat holati Kitob tumani IIB Navbatchilik qismidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, mazkur holat bo‘yicha Kitob tuman IIB IIO TP profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.

Chunonchi, ekspertiza tayinlanib, uning xulosasi olingan va ish hujjatlariga qo‘shilgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 6 fevral kunidagi 31/6-Xal sonli xulosasida, Sh.U.ning tanasida, o‘ng yonoq sohasida qontalashi, yuqori lab yuqori shilliq qavatida qon qo‘yilishi va yuqori lab pastki sohasi shilinmasi ko‘rinishida jarohatlari mavjud bo‘lib, ushbu jarohatlari shu shikastlangan sohalariga biron bir o‘tmas to‘mtoq jismning ta'sirlari natijasida yuzaga kelgani, jarohatlarning hosil bo‘lishi, qarorda, tibbiy hujjatda va ko‘rikdan o‘tuvchi ko‘rsatgan vaqtda vujudga kelgan bo‘lishi mumkinligi, tan jarohatini og‘irlik darajalari buyicha, tekshiriluvchining sog‘lig‘ini qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelmagan yengil shikast yetkazgani aniqlangani ko‘rsatilgan.

Tekshirish harakatlari davomida, 1981 yilda Kitob tumanida tug‘ilgan, tumanning «Ulug‘bek» MFYda yashovchi U.A., 1952 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Q., 1985 yilda tug‘ilgan A.Q.ga nisbatan O‘zR Ma'muriy javobgarlik to‘grisidagi kodeksning 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangani sababli, to‘plangan hujjatlar, 2020 yil 6 fevral kuni ko‘rib chiqish uchun Kitob tuman ma'muriy sudiga yuborilgan.

Kitob tuman ma'muriy sudi ishni ko‘rib chiqib, ularga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlagan.

Mavzuga oid