Light | 20:08 / 09.02.2020
31227
6 daqiqa o‘qiladi

«Seni yomonlikka boshlagan kishi dushmaningdir» – Alisher Navoiy hikmatlari

Turkiy xalqlar mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludiga 579 yil to‘ldi.

1441-1501 yillarda asosan Hirotda (hozirgi Afg‘onistoninng shimoli-g‘arbiy qismi) yashab o‘tgan Alisher Navoiy turkiy va forsiy tillarda sermahsul ijod qilgan shoir sifatida ulug‘lanadi.

Mumtoz adabiyotda Navoiy shaxsi mutlaqo o‘zgacha o‘ringa ega va bu bejiz emas. U yashagan davrda she'riyat, ijod tili sifatida faqatgina forsiy til qo‘llanilar, turkiy tildagi asarlar juda kam bo‘lgan.

Alisher Navoiy esa turkiy tilni hayotga qaytardi. O‘z zamonasida ham, keyinchalik ham mumtoz adabiyot durdonasi sifatida qadrlangan asarlarining salmoqli qismini turkiy tilda yaratdi. Bundan tashqari, turkiy tilda yozuvchi ijodkorlarni ham ma'naviy, ham moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Navoiy nafaqat shoir, balki siyosat arbobi, ishbilarmon diplomat sifatida ham nom qozongan.

Hirotning Navoiy yashagan davrdagi taxminiy ko‘rinishi

Tarixchi Xondamirning «Habib us-siyar» asarida keltirilishicha, Navoiy XV asrdagi Xurosonning siyosiy muhitida muhim figurantlardan biri hisoblangan. Shoirning ota tomondan bobosi – Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umarshayx va Shoxruhning xizmatida bo‘lgan. Otasi G‘iyosiddin Bahodir ham podshoh saroyiga yaqin amaldorlardan bo‘lgan.

Bolaligidanoq temuriyzoda Husayn Boyqaro bilan birga ulg‘aygani bois, hayoti davomida ham Boyqaro saroyida dastlab muhrdor, keyinchalik bosh vazir bo‘lib xizmat qiladi. Ma'lum muddat Astrobod viloyatida hokimlik ham qiladi. Hukmdor huzurida «amiri kabir» (ulug‘ amir), «amiri muqarrab» (eng yaqin amir) unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Navoiy yubileyiga bag‘ishlab to‘qilgan gilam. Turkman xalqidan tuhfa

Navoiy Husayn Boyqaroning eng xavfli siyosiy raqibi Yodgor Muhammad Mirzoni tunda qo‘lga olishda shaxsiy jasorat ko‘rsatadi. Boyqaro hukumatining ortiqcha soliqlaridan norozi bo‘lib, qo‘zg‘olon ko‘targan xalq ommasini tinchitishda adolat bilan ish tutadi. Mamlakatda savdo, hunarmandchilikni rivojlantirishga ahamiyat qaratadi. Hukmdorni ma'rifatli kishilarga rahnamolik qilish, raiyatning ko‘ngliga qarab ish tutishga yo‘naltiradi. Uning sa'y-harakatlari samarasi o‘laroq Boyqaro davri ilm-ma'rifat rivojlangan davr sifatida tarixda qoldi.

«Habib us-siyar»da keltirilishicha, Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Xurosonda bir necha madrasa, 40ta rabot, 17ta masjid, 10ta xonaqoh, 9ta hammom, 9ta ko‘prik, 20ga yaqin hovuz qurdirgan yoki ta'mirlatgan.

Navoiy ustozi Lutfiy bilan suhbatda

Astrobodda hokimlik qilgan davrida qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni yaxshilash, tijoriy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga erishdi. Bosh vazir sifatida Boyqaroning boshqa zamondosh hukmdorlar bilan yozishmalar olib borishi, elchilar almashinuvida ijobiy natijalarga erishishda muhim rol o‘ynadi. Taxt talashgan temuriy shahzodalarni murosaga keltirishda ham doim tashabbuskor bo‘ladi.

Kichkina Alisher va tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning uchrashuvi
 Musavvir: Anatoliy Tsiglinsev

Siyosiy manfaatlar negizida Husayn Boyqaroning o‘z to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon bilan munosabatlari keskin sovuqlashadi. Ota-bola o‘rtasida yuzaga kelishi tayin bo‘lib qolgan urushning oldi olinishida ham Navoiyning elchilik mahorati muhim rol o‘ynadi. Otasiga qarshi muxolifat yiqqan Badiuzzamonni padarkush bo‘lmaslikka, qirg‘indan qo‘l tortishga rozi qiladi.

Navoiy 1483-1485 yillarda turk tilida birinchi bo‘lib besh doston − «Xamsa»ni yozib tugatadi va bu asarni Husayn Boyqaroga taqdim etadi. Hukmdor mazkur asar va uning muallifiga ehtirom ramzi sifatida Navoiyni o‘zining oq otiga mindirib, unga jilovdorlik qiladi, Hirot ko‘chalarini aylantiradi.

 Navoiy «Lison ut-tayr» asarini ijod qilish jarayonida
Musavvir: Ne'mat Qo‘ziboyev

Alisher Navoiy hikmatlaridan:

Kishining odobi uning boyligidan yaxshidir.

Oxirat savobi dunyo rohatidan yaxshidir.

Til zarbasi – tish og‘rig‘idan kuchliroq.

Yomon do‘st – shayton.

Til sukuti – inson salomatligi.

Seni yomonlikka boshlagan kishi dushmaningdir.

Kimki ko‘ngilni qattiq so‘z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til zaharli nayzadek sanchiladi.

Muloyim so‘z – vahshiylarni ulfatga aylantiradi, sehrgar – ohang bilan afsun o‘qib, ilonni inidan chiqaradi.

Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan ezma – kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o‘xshaydi. Tili yomon odam xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi.

Mavzuga oid