O‘zbekiston | 19:26 / 15.02.2020
8336
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston adliya vaziri Xalq qabulxonasi rahbari etib tayinlandi

Salauatdin XudaybergenFoto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Prezident administratsiyasining 2020 yil 13 fevraldagi farmoyishiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga Salauatdin Xudaybergenov tayinlandi. U 2018 yil 15 oktyabrdan buyon Qoraqalpog‘iston adliya vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Xalq qabulxonasi rahbari Hakimbay Ashirovich Xalimov o‘z a'rizasiga ko‘ra 2019 yilning avgust oyida ishdan bo‘shagandan buyon mazkur lavozim vakant bo‘lib turgan edi.

Salauatdin Xudaybergenovning birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Alisher Atajanov Qoraqalpog‘iston adliya vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

S.Xudaybergenov 1995–1999-yillarda Qoraqalpog‘iston adliya vazirligi, 1999–2006-yillarda O‘zbekiston adliya vazirligi, 2006–2012-yillarda Vazirlar Mahkamasida mas'ul lavozimlarda ishlagan. 2012–2015-yillarda Qoraqalpog‘iston adliya vaziri, 2015–2018-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi parlamentiga murojaatnomasida bundan buyon ijro organlari rahbarlari ishiga xalq qabulxonalarida kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida baho berilishini aytgan, xalqni qiynayotgan muammolar esa OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi kayfiyatlar, xalq qabulxonalari va boshqa “barometrlar” orqali aniqlanishini ta'kidlagandi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida davlat organlarida xalq bilan muloqot va murojaatlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash bo‘linmasi xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etish masalalarini tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan.

Mavzuga oid