O‘zbekiston | 18:52 / 15.02.2020
16464
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistan – O‘zbekiston chegarasi 1 martgacha yopiq qoladi

Foto: Azathabar.com

Koronavirus infeksiyasi epidemiyasi tufayli Turkmanistonning qo‘shni O‘zbekiston bilan chegarasida joylashgan «Shovot» va «Forob» nazorat-o‘tkazish punktlari yopiqligicha qolmoqda. Bu haqda Turkmen news xabar beradi.

30 yanvar kuni prezident Gurbanguli Berdimuhammedov koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus kengash o‘tkazdi. 31 yanvar kuni esa Turkmaniston qo‘shni O‘zbekiston bilan chegarani yopdi.

Chegara 14 fevral kuni ochilishi kerak edi. Ammo Dosho‘g‘iz viloyatining bojxona boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, «Shovot» nazorat-o‘tkazish punkti kamida 1 martgacha yopiqligicha qoladi.

Lebap viloyatining bojxona boshqarmasi «Forob» nazorat-o‘tkazish punktining qachon ochilishi haqida ma'lumotga ega emasligi va bu masalada Migratsiya xizmatiga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Koronavirus epidemiyasi boshlanganidan beri, Turkmaniston bir qancha fuqarolarini, xususan, talabalar, tadbirkorlar va Xitoyning CNPC kompaniyasi ishchilarini Xitoydan evakuatsiya qildi. Ular Mudofaa vazirligining Lebap viloyatida joylashgan ko‘chma gospitalida karantinda saqlanmoqda.

Turkmen news ma'lumotiga ko‘ra, fevral oyining boshida ko‘chma gospitalda Xitoydan qaytgan bir talaba vafot etgan. Yana bir kishida kasallik alomatlari aniqlangan. Biroq, Turkmaniston sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, mamlakatda epidemiologik vaziyat nazorat ostida turibdi va yuqumli kasalliklardan vafot etganlar yo‘q.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid