Parlament TV telekanali tashkil etilishi mumkin
Parlament TV telekanalini tashkil etish haqida taklif berildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Parlament TV telekanalini tashkil etish haqida petitsiya e'lon qilindi.
“Saylov kampaniyasi vaqtida men barcha partiyalarning saylovoldi dasturlarini, fikr va mulohazalarini televideniye, OAV, internet orqali kuzatib bordim. Har bir siyosiy partiyaning jarayonga munosabati turlicha yangradi. Bularni ko‘rib, “yetti o‘lchab, bir kesib” bitta taklif bilan murojaat qilmoqchiman. Ya'ni, partiyalar orasida raqobat maydonini yuzaga keltirish uchun Parlament TV telekanalini tashkil etishni taklif qilaman”, - deb yozadi murojaat muallifi.
Ma'lumki, partiyalar soni hozirgi kunda beshtani tashkil etadi. Shu munosabat bilan, har bir partiya deputatlarining ish jarayonlari haftada bir marta ko‘rsatilishi taklif qilinmoqda.
“Shunda xalqimiz qaysi partiyaning faoliyati to‘g‘risidagi efirlar qachon namoyish etilishini bilib olgan bo‘lardi. Misol uchun, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi dushanba kuni yoki “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi seshanba kuni va hokazo. Shanba va yakshanba kunlari eng dolzarb mavzulardagi ko‘rsatuvlar takroran ko‘rsatilsa, dam olish kunlarida mehnat munosabatlarida band bo‘lgan aholining ham mazkur ko‘rsatuvlarni ko‘rishlariga imkon yaratiladi. Shu bilan birgalikda, mazkur telekanal orqali mahalliy kengashlar faoliyati ham yoritilib borilishi zarur. Shunda ushbu telekanal chinakamiga xalq bilan deputatlar orasidagi asosiy vositachiga aylanadi”, - deyiladi petitsiyada.
Bildirilishicha, bunda har bir partiya telekanal orqali o‘zining qilgan ishlari bilan xalq orasida hurmat qozonishni boshlaydi. Xalq deputatlarni tanishni boshlaydi, ularga ishonishni boshlaydi. Agar shu jarayon tashkillashtirilsa, nafaqat xalqning ishonchiga kirilishi, balki partiyalardagi deputatlarning mas'uliyat bilan ishga yondashishi ta'minlanishi aytiladi.
“Bir tarafdan ayrim tizimlarda yuz berayotgan ko‘zbo‘yamachilik, poraxo‘rlikni ham oldini olgan bo‘lamiz. Ishoning, agar biz Parlament TV telekanalini tashkil qiladigan bo‘lsak, bajarilayotgan ishlarning sifati ham yaxshi tomonga o‘zgarishni boshlaydi. Bu telekanal orqali partiyalarning bajarayotgan ishini mamlakatimiz aholisiga, shuningdek, chet el jamoatchiligiga ham keng ko‘lamda yetkazib boramiz. Har bir jarayonning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali jamiyatimizda vatanparvarlik hissini shakllantirgan bo‘lamiz. Xalq saylovda ovoz bergan deputatining qilgan ishlarini ko‘rib, u bilan g‘ururlanishni boshlaydi yoki aksincha.
Parlament TV telekanali orqali xalq bilan deputatlar orasida “munozara maydoni”ni yaratgan bo‘lamiz. Xalq bilan deputatlar orasidagi befarqlik, loqaydlikni oldini olgan bo‘lamiz. Muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun keng jamoatchilik vakillari bilan teledebatlar o‘tkazilsa ham nur ustiga nur bo‘lar edi”, - deb yozgan muallif.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Parlament TV telekanalini tashkil etishni taklif qilinmoqda.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
23:25 / 04.11.2024
Gurjistonda minglab odamlar parlament saylovlari natijasiga qarshi mitingga chiqdi
19:06 / 29.10.2024
Gurjistonda ommaviy norozilik ortidan saylovdagi ovozlar qayta sanaladi
11:10 / 28.10.2024