Prezidentning “Kimyo va biologiya yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiya ishlari natijadorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Quyidagilar belgilanadi:

a) kimyo ilm-fanini yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari etib:

kimyo yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqotlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish asosida sohaning ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish, raqobatbardosh ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratish uchun zamonaviy infratuzilmalar yaratish;

kimyo va farmatsevtika sanoati korxonalarida zamonaviy ilmiy-tahliliy asbob-uskunalarga ega bo‘lgan tajriba-ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil etish asosida yuqori samarador kimyoviy texnologiyalarni tarmoq korxonalariga joriy etish ko‘lamini kengaytirish;

global iqlim o‘zgarishlari sharoitlarida yangi avlod kompleks o‘g‘itlari va biostimulyatorlarini yaratish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘g‘itlash normalarini tubdan qayta tadqiq qilish;

organik sintez, bioorganik, kolloid, nanopolimerlar va analitik kimyosiga asoslangan tadqiqotlarni qayta tashkil qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;

kimyo yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining mavjud ilmiy yo‘nalishlarini tarmoq korxonalari ehtiyojlari va bozor talablaridan kelib chiqib, tubdan qayta ko‘rib chiqish asosida rangli va noyob metallar kimyosi, silikat materiallar kimyosi, neft kimyosi, tabiiy moddalar kimyosi, tibbiyot kimyosi kabi kabi ilmiy yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat qaratish, nodir metallar va nanokimyo yo‘nalishida innovatsion texnologiyalarni yaratish;

jahonning ilg‘or tajribalariga muvofiq yangi kompozit materiallar va innovatsion kimyo texnologiyalari asosida qurilish materiallari texnologiyalarini yaratish;

jahon standartlari darajasida katta hajmli kimyoviy ma'lumotlarni tahlili va kimyoviy birikmalarning molekulyar tuzilishini yuqori darajada tahlil qilish imkoniyatiga ega milliy laboratoriyalar tarmog‘ini tashkil etish asosida yaqin istiqbolda yuqori samarador texnologiyalarni yaratilishi va kelgusida ilmiy hajmdor mahsulotlarning eksportini kengaytirish;

kimyo yo‘nalishida fan-ta'lim-ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirishning ta'sirchan amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;