2019 yil 6 avgust kuni 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini 2019 yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan Komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Komissiya raisi Sodiq Safoyev olib bordi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Ta'kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor maqsadlariga to‘liq erishishni ta'minlaydigan chora-tadbirlar tizimidan iborat bo‘lib, uning doirasida mamlakatimiz taraqqiyoti va yurt farovonligiga oid keng ko‘lamli vazifalar hal qilinmoqda. Shu bois Dasturning har bir bandi to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga erishish, buning uchun ayniqsa, parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan keng foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, Dasturda ijtimoiy sohani rivojlantirish yo‘nalishlarida 100 ta band belgilangan bo‘lib, ikkinchi chorakda yigirmata banddagi topshiriqlarni bajarish ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha Komissiya huzuridagi monitoring guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Davlat dasturida ijrosi birinchi va ikkinchi choraklarda ta'minlanishi belgilangan o‘nta banddagi topshiriqlar hamon bajarilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, ijrosi yil davomida bajarilishi belgilangan oltita banddagi vazifalar yuzasidan olib borilayotgan ishlarda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Foto: Oliy Majlisi Senati axborot xizmati

Xususan, Dasturning tegishli bandida 2019 yil 1 iyunga qadar keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida maxsus vakolatli davlat organini tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi tayyorlanishi belgilangan. Ammo mazkur vazifa bajarilmaganligi majlisda alohida qayd etildi.