O‘zbekiston | 11:11 / 06.03.2020
4170
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkiloti tuziladi

O‘zbekiston Respublikasining bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkilotini tuzish konsepsiyasi tasdiqlanadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkilotini tuzish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, konsepsiya O‘zbekiston Respublikasining bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkilotining amaliy faoliyatini ochib beruvchi asosiy qoidalarini, maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.

Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlar davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda yot g‘oyalar va oqimlarga qarshi tura oladigan, mustahkam e'tiqod va hayotiy qarashlarga ega yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Konsepsiyaning mazmuni tashkilotni yoshlarda vatanparvarlik va Vatanga munosib xizmat qilishga shaylikni tarbiyalash bo‘yicha harakatlarning xarakteri va yo‘nalganligini hamda ushbu faoliyatning sub'yektlarini hamkorlik qilish jarayonidagi faoliyatining samaradorligini ta'minlash shartlarini belgilovchi asosiy maqsadlar to‘plamini ifoda etish orqali ochib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkiloti quyidagi ko‘rinishdagi tashkiliy-huquqiy shaklga ega:

O‘zbekiston Respublikasining yoshlar davlat siyosatini amalga oshirish doirasida, o‘zining amaliy faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida ixtiyoriylik va teng huquqlilik tamoyillarga asoslangan holda olib boruvchi ko‘ngilli nodavlat notijorat jamoat bolalar va o‘smirlar tashkilotini tuzish;

mamlakatning davlat ramzlari asosida davlat tilidagi to‘liq rasmiy nomi aks ettirilgan aylana shakldagi muhr, shtamp, blanklar va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan ramziy belgilarining mavjudligi.

Tashkilot o‘z faoliyatini amalga oshirishda: 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, xalqaro huquq tamoyillari va me'yorlari, O‘zbekiston Respublikasining «Yoshlar davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonuni;

Tashkilotning Nizomi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa huquq-me'yoriy hujjatlarga tayanadi.

Tashkilot a'zolari harbiy-ma'muriy sektor mablag‘lari hisobidan kiyim-kechak, jumladan formali kiyim-kechak bilan ta'minlanadilar (ro‘yxat va kiyish muddatlariga muvofiq).

Tashkilotning amaliy faoliyatini olib borish uchun alohida tuzilmani tashkil etish ko‘zda tutilib, quyidagilarni:

umumta'lim maktablarida (20-25 kishi) tuziladigan otryadlarni (boshlang‘ich tashkilotlar);

tuman/shahar shtablarini (tuman/shahar mudofaa ishlari bo‘limlari bazasida joylashgan);

mintaqaviy shtablarni (viloyat mudofaa ishlari boshqarmalari bazasida joylashgan);

tashkilotning bosh shtabini o‘z ichiga oladi.

Markazlashgan boshqaruv tizimini tuzish maqsadida tashkilotga umumiy rahbarlik qilish tashkilot yetakchisi – mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi.

Tashkilot o‘z faoliyatini:

Mudofaa vazirligi;

Ichki ishlar vazirligi;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi;

Milliy gvardiya;

Davlat xavfsizlik xizmati;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi;

Xalq ta'lim vazirligi;

Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Tadbirlarning o‘tkazilishi, qoidaga ko‘ra, darslardan tashqari va ta'til vaqtida, haftasiga 2-4 soat davomida rejalashtiriladi.

Otryadlarga ixtiyoriy ravishda istak bildirgan yigitlar 10-11 sinf o‘quvchilari, ishtirokchi bo‘lishlari mumkin, bunda tashkilot a'zoligiga qabul qilish va chiqarish tashkilot Nizomi bilan belgilanadi.

Tashkilotga chet el fuqarolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasida qonuniy bo‘lib turgan fuqaroligi yo‘q shaxslar qabul qilinishi mumkin emas.

Tashkilotga ishtirokchilik o‘quvchining ota-onasi (qonuniy vakili) roziligi bilan uning yozma arizasi asosida amalga oshiriladi va Tashkilotning tuman/shahar, mintaqaviy yoki bosh shtabining eng yaqin bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarida ishtirok etuvchilar sonidan oddiy ko‘pchilik ovoz berish orqali yig‘ilish qarori bilan rasmiylashtiriladi.

Tashkilot ishtirokchilarining hisobi tuman/shahar, mintaqaviy va bosh shtabi tomonidan yuritiladi.

Tashkilotning bosh shtabi huzurida vasiylik kengashi, tuman/shahar va mintaqaviy shtablar huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi, ularning tarkiblariga Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti vakillari kiritiladi. Bunda, ko‘rsatib o‘tilgan vazirlik va idoralarning vakillari hududiy tamoyil va tashkilot shtablarining mavqeidan kelib chiqib tayinlanadilar.

Vasiylik (muvofiqlashtiruvchi) kengash doimiy kollegial organ hisoblanib, quyidagi maqsadlarda tuziladi:

mustahkam e'tiqod va hayotiy qarashlarga ega yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik, bag‘rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkillashtirish, rejalashtirish va o‘tkazish;

tashkilot faoliyatini metodologik, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan ta'minlash masalalarini hal etish;

otryadlar (boshlang‘ich tashkilotlar)ning faoliyatini tuman/shahar, mintaqaviy shtablar va bosh shtab bilan muvofiqlashtirish;

tashkilot oldida turgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida davlat, jamoat tashkilotlari va ularning mintaqaviy bo‘linmalari bilan samarali hamkorlik tizimini yaratish;

ijobiy jamoat fikrini shakllantirish uchun ommaviy axborot vositalarida tashkilotning amaliy faoliyatini yoritish bo‘yicha ular bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish;

otryad komandirlari va shtab rahbarlari bilan ularning malakasini oshirish, tashkilot faoliyatini takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha seminarlar va o‘quv-uslubiy yig‘inlar o‘tkazish;

o‘zlarini yaxshi ko‘rsatganlarni rag‘batlantirish (tegishli imtiyozlar berish) va qabul qilingan talablarni buzgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalalarini ko‘rib chiqish.

Tashkilotning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi yoshlar davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;

takomillashayotgan, bilimdon, raqobatbardosh, befarq bo‘lmagan, mustahkam axloqiy negizga ega, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan va yangi ijodiy g‘oyalarni qabul qilishga tayyor bolalar va o‘spirinlar shaxsini har tomonlama rivojlantirish va takomillashtirish;

erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqe egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatni, xalqni va o‘z oilasining farovonligini va rivojlanishini yuksaltirish orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;

yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan majmuaviy chora-tadbirlardan iborat beshta tashabbusni amalga tatbiq qilish;

yoshlarni turli xavfli g‘oyalar ta'siridan va tashqaridan “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi salbiy ta'sir o‘tkazilishidan saqlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikni va jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha ishlarni olib borish, ularga qo‘l urmasligi bo‘yicha amaliy yordam va ogohlantirish ishlarini o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmatni o‘tash va unga tayyorlanish bo‘yicha ijobiy motivatsiyani shakllantirish;

maktabdan tashqari ta'limda yoshlarni tarbiyalashda va bandligini ta'minlashda zamonaviy usullar va yo‘nalishlarni tatbiq qilish.

Tashkilotning amaliy faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

vatanparvarlik yo‘nalishi – vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni tashkillashtirish va o‘tkazish, tarixiy memoriallarni va yodgorliklarni qo‘riqlash, harbiy vatanparvarlik tashkilotlari bilan ishlash, harbiy muzeylarning rekonstruksiya qilish hamda turli forumlarda qatnashish;

ekologik yo‘nalishi – hududda ekologik vaziyat monitoringini amalga oshirish, joylarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida qatnashish, mintaqaning o‘simliklar va hayvonot dunyosi haqida g‘amxo‘rlik qilish;

ko‘ngillilar (volontyorlik) yo‘nalishi – qariyalar va o‘spirinlarning qiyin hayotiy vaziyatlarini monitoring qilish va qiyin hayotiy ahvolga tushib qolganlarga yordam ko‘rsatish yoshlarni jinoiy faoliyatga jalb qilinishidan shuningdek ekstremistik va buzg‘unchi kuchlar ta'siriga tushib qolishidan ogohlantirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid