O‘zbekiston | 23:50 / 12.03.2020
88895
12 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors ishontira olmadi – e’tirozlar davom etmoqda. Alisher Qodirov esa monopolistni himoya qildi

UzAuto Motors avtomobillar narxini oshirish bo‘yicha tushuntirish berdi, deputat va senatorlar savollariga javob qaytardi. Shunga qaramay, rasmiylarning javoblari fuqarolardagi e’tirozlar kamayishi emas, aksincha ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

Kun.uz muxbiri bu safar bir nechta deputat, iqtisodchi va huquqshunoslarning mavzuga munosabati bilan qiziqdi.

Barnogul Sanaqulova: «UzAuto Motors monopolist korxona sifatida o‘ta yopiq va noshaffof ishlaydi»

Foto: Barnogul Sanoqulovaning Facebook sahifasidan olindi

Toshkent Moliya instituti «Soliq va soliqqa tortish kafedrasi» professori Barnogul Sanaqulovaning fikricha, narxlar shakllanishi ustidan deyarli hech qanday nazorat o‘rnatilmaganini shu kecha kunduzdagi voqealar ham ko‘rsatib turibdi.

«UzAuto Motors 100 foiz davlatga qarashli korxona bo‘lsa-da, boshqa davlat korxonalari kabi davlat xaridlari tizimiga kirmaydi, shuningdek butlovchi qismlar ochiq tender savdolarida sotib olinmaydi. Albatta, bu jarayon juda ko‘p savollarni tug‘diradi.

Nega bu korxonaga nisbatan me’yoriy qonunchilik bazasi alohida holatda tatbiq etiladi?

Bundan tashqari, tizimga kiruvchi korxonalar o‘rtasidagi transfer narxlarni shakllantirish tizimi ham shaffof emas. Tizimga kiruvchi korxonalar yetkazib beruvchi butlovchi qismlar narxlarini yuqori tashkilot – «O‘zavtosanoat» AJning o‘zi belgilab beradi, narx shakllantirishda ochiq bozor mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan, bu holat esa albatta narxlarni doimiy ravishda monitoring qilib borish imkoniyatini cheklaydi», deydi professor.

Barnogul Sanoqulovaning aytishicha, dunyoda birorta davlatda bitta AJ davlatdagi avtomobil ishlab chiqarish tizimini o‘zi to‘liq nazorat qilib, ham bu sohada davlat siyosatini yuritib, ham o‘zi shu sohada biznes bilan shug‘ullanib, mashina ishlab chiqarib, sotmaydi.

Unga ko‘ra, bunday o‘ziga xos «unikal» tizimning o‘zi mavjud emas. Shuningdek, bu holat sog‘lom bozor qonuniyatlariga ham zid hisoblanadi.

«Davlat bosh islohotchi sifatida bozordagi barcha ishtirokchilar amal qilishi lozim bo‘lgan o‘yin qoidalari yakdilligi va umumiy o‘zgarmasligini belgilashi hamda shu qoidalarga hamma bir xilda rioya qilishini tekshirib, nazorat qilib borish funksiyasini bajarishi kerak.

Albatta, bunday jarayonda narxlarning baland bo‘lishi tabiiy hisoblanadi. Sababi, «O‘zavtosanoat» AJ o‘zi mashina ishlab chiqaradi. U kerak bo‘lganda o‘zi ishlab chiqargan avtomobillarni sotish uchun bozorni yopa oladi, boshqa bironta ishlab chiqaruvchini kiritmaydi, erkin raqobatni turli yo‘llar bilan cheklaydi.

Bu holat esa ishlab chiqarilayotgan mahsulot narxi oshirilishiga zamin yaratadi. Fikrimcha, «O‘zavtosanoat» AJ faoliyati tanqidiy tizimli tahlil qilinishi, amalga oshirilayotgan strategik menejment qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Aks holda, bunday «qimmat avtomashinalarni» ishlab chiqarish sohasini ushlab turishda mantiq ko‘rmayapman», dedi Barnogul Sanaqulova.

Kecha UzAuto Motors vakillari bergan bayonotdan qoniqdingizmi, deya bergan savolimizga professor quyidagicha javob berdi:

«Yo‘q, qoniqmadim. Bayonotda deyarli bironta savolga javob berilmagan. Keltirilgan sabablarning aksariyati asossiz. Misol uchun, korxona vakillari narx oshirilishiga sabablardan biri sifatida QQS to‘laganini keltirishdi. Aslida bu soliq korxona faoliyatiga bevosita tasir ko‘rsatmaydi. Soliq to‘lovchisi bu oxirgi istemolchi, yani oddiy xalq. Korxona esa QQS zanjirida faqat huquqiy to‘lovchi bo‘lib hisoblanadi.

Bundan tashqari, kecha keltirilgan sabablar UzAuto Motors keltirgan avvalgi bayonotlarga mutlaqo zid. Masalan, narxlarning oshirilishiga sabab sifatida avvalroq xomashyo importidagi narxlarning oshishi keltirilgan edi.

Kechagi muloqotda esa ishlab chiqarish jarayoni qariyb 50 foizga lokalizatsiya qilingani, mahalliylashtirilgani aytildi. Berilayotgan bayonotlar o‘rtasida umuman bog‘liqlik yo‘q».

Nodir Jumayev: «Bizda ba’zi deputatlar avtomobil ishlab chiqarish sohasi vakillari manfaatlarini himoya qilayotgandek»

Foto: Nodir Jumayevning Facebook sahifasidan olindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayevni esa bir savol qiynamoqda: UzAuto Motors kompaniyasi o‘zini saqlab qolish uchun qachon xalqni qiynashni to‘xtatadi? Qachon u bozor qoidalari bo‘yicha ishlaydi?

«Kechagi muloqotda mutasaddilar tomonidan avtomobillar narxining oshishi valuta devalvatsiyasi, QQS to‘lovlari bilan izohlandi. Bu esa ularning masalaga javob berishga tayyor emasligini ko‘rsatdi.

Avtomobillarning asossiz oshirilaveradigan narxlari nafaqat mehnatkash xalqimizni, balki ular saylagan, ular ishonch bildirgan va ular umid bilan faoliyatimizni kuzatib turgan deputatlarni ham qiynamoqda.

Albatta, bu masalaga barcha deputatlar ham birdek munosabat bildirishmadi. Xalqaro amaliyotdan ma’lumki, ayrim deputatlar ba’zi soha vakillarining manfaatlarini himoya qiladi. Bizda ham shu tizim ishlayotgandek», – dedi deputat.

Nodir Jumayev suhbat davomida makroiqtisodiy vazifaning o‘zgarishiga bozor kon’yukturasi ta’sir o‘tkazishi, UzAuto Motors esa shu kunga qadar bozor qonunlarini o‘z faoliyatiga tatbiq qilishga shoshilmayotganini tanqid qildi.

U shuningdek, UzAutoMotors 2020 yilning 4 martiga qadar shartnoma imzolagan xaridorlar uchun shartnomadagi barcha shartlar saqlab qolinishini e’lon qilgani, lekin yangi narxlar haqidagi jadval korxona saytida 2020 yil 9 mart kuni joylashtirilganini ta’kidladi.

«Bu – iste’molchilar huquqlarini buzish», dedi deputat.

«Fikrimcha, milliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarimizda uzoq yillarga mo‘ljallangan strategik reja yo‘q.

Umuman olganda, UzAutoMotorsʼning bu kabi harakatlari xalqimiz manfaatlariga ham, islohotlar jarayoniga ham mos emas».

Alisher Qodirov: «Bizda sotilayotgan avtomashinalar Rossiya va Qozog‘istondagidan 500-900 dollarga arzonroq»

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning fikricha, UzAuto Motors – shaffoflashayotgan korxona va u qilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilayotgani uchun xalq tomonidan tanqid qilinishi adolatsizlik bo‘ladi.

Deputat o‘z Telegram-kanalida noroziliklarga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan fikrlarini quyidagi mazmunda ifodaladi.

«Men monopoliyaga qarshiman. Monopoliya raqobatni yo‘q qiladi. Raqobatni yo‘qligi esa rivojlanishni yo‘q qiladi.

UzAuto Motors – monopolist, to‘g‘ri. Lekin u mamlakatimiz iqtisodiyotida yangi, 18 ming vatandoshimiz non topayotgan va budjetimizga 4 trln. so‘mdan ko‘proq soliq to‘layotgan monopolist. Biz ushbu sohani korrupsiya botqog‘iga botib ketgan davrini ham ko‘rdik. «Shapka»larimiz bilan, lom-mim demasdan ushbu monopolistni «vahshiylashishiga» hissa qo‘shganlarimiz ham qancha. Endi u raqobatga tayyorgarlik ko‘ryapti, shaffoflashyapti, haqiqiy tannarxini topyapti. Bu zaruriy ehtiyoj, boshqa yo‘li yo‘q».

Qodirovning postidan shuningdek, O‘zbekistonning kelgusi yillarda JSTga a’zo bo‘lishi bilan bozorlarimiz ochilishi mumkinligi, unga qadar esa xaridorlar ko‘tarilayotgan narxlarga rozi bo‘lib turishi kerak, degandek ma’noni ham tushunish mumkin.

«Sohada raqobatni yuzaga kelishi – vaqt masalasi, hammamiz bilamiz. Biz kutayotgan JSTga a’zolik bilan bozorimiz ochiladi va xaqiqiy raqobat boshlanadi. Hozir dod solganimiz bilan yengil avtomashina ishlab chiqaradigan yana bir kompaniya paydo bo‘lib qolmaydi.

O‘shanda narxi arzonroq bo‘lgan avtomashinani sotib olish haqida o‘ylaymiz, narxi qimmat va sifati past ishlab chiqaruvchilar kasodga uchramaslik uchun turli «karomatlar» ko‘rsatishadi. Qimmat mashinani «qimmat ekan» deb dod solmaymiz, olmay qo‘ya qolamiz, tamom», deb yozadi u.

Deputat fikrlarini xulosalar ekan, avtomashinalarning oshirilayotgan narxlari tannarxga mutanosib ekanligini aytadi.

«Narxlar oshishi xorijdan kelayotgan ehtiyot qismlar ko‘pligi bilan bog‘liq. Shuncha vaqtdan beri mahalliylashtirilmagan! Muammo, lekin shaffoflashayotgan kompaniyani qilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilayotgani uchun tanqid qilish – adolatsizlik.

Ikkinchidan, avtomashina narxi xorijda sotilayotgan narxlardan yuqori emas. Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda arzon ko‘rsatilayotgan narxlar avtomashinalar uchun boshlang‘ich to‘lov bo‘lib chiqmoqda. Bizda sotilayotgan avtomashinalar 500-900 dollarga arzonroq», – deya yozadi Alisher Qodirov.

Botirjon Shermuhammad: «O‘zbekistondagi ushbu holat Rossiyadagi «AvtoVAZ» vaziyatini eslatadi»

«Aslini olganda, qariyb 25 yildan ortiq muddat davomida ushbu tashkilot tarkibiga kiruvchi korxonalarning davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi (5 yil davomida hech qanday soliqsiz ishlagani, mamlakatga chetdan olib kiriladigan yengil avtomobillarga yuqori miqdordagi boj stavkalarining belgilanishi va boshqalar) moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsata olmadi», – deydi Rossiyada ishlayotgan muhojirlar ishlari bo‘yicha huquqshunos Botirjon Shermuhammad.

Uning aytishicha, bunday holat Rossiyadagi «AvtoVAZ» bilan bog‘liq vaziyatni eslatadi. Ya’ni davlat tomonidan ko‘plab yordam va qo‘llab-quvvatlash ta’sirida xam milliy ishlab chiqaruvchi samarali faoliyat olib bora olmayapti.

«Rossiyada-ku, hech bo‘lmaganda «AvtoVAZ» mahsulotlarining narxi mahalliy bozorda chetdagidan ko‘ra qimmat emas. Bizda esa ko‘p holatlarda o‘zimizda chiqariladigan avtomobillar tashqi bozorlarga sifatliroq ehtiyot qismlar bilan ta’minlangani va shunda ham mahalliy bozorga nisbatan arzonroq sotilayotgani, hatto o‘zimizda chiqqan va chetda arzonroq sotilayotgan avtomobilni O‘zbekistonga olib kirishda boj olinishi g‘alati.

2008 yilgi moliyaviy inqiroz davrida avtomobillarning ichki bozorda so‘mga emas, xorijiy valutaga sotilganini xam eslatib o‘tish lozim. Avtomobillar uchun to‘lovni oldindan olib, keyinchalik shartnomadagi narxni oshirish esa firibgarlikdan boshqa narsa emas.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlisdagi bahslarni ko‘rib, korxona vakillarining ham o‘z haqiqati borligi va har qanday e’tirozlarga bahonalari yetarli ekanini anglash mumkin», dedi u.

Huquqshunos vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha o‘z takliflarini ham bildirdi. Unga ko‘ra, birinchi navbatda «O‘zavtosanoat» menejmentini almashtirish lozim.

«U yerga bu sohada tajribaga ega menejyer va tadbirkorlarni jalb qilish lozim. Sobiq prokurorlar bilan ish bitmaydi.

Ikkinchidan, korxona rivojlanishi uchun uni sof iqtisodiy qonunlar dunyosiga qaytarish kerak. Ya’ni, chetdan olib kiriladigan yengil avtomobillar uchun boj stavkalarini butunlay bekor qilish yoki keskin kamaytirish zarur. Shundagina raqobat paydo bo‘ladi.

Uchinchidan, korxonani xususiylashtirish kerak. Davlatning ulushi 25 foizdan ko‘p bo‘lmasligi lozim. Faqat xususiy tadbirkorgina korxonani hozirgi botqoqdan chiqarishi va iste’molchilar hurmatini o‘z joyiga qo‘yishi mumkin», – dedi Botirjon Shermuhammad.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid

E`lonlar