O‘zbekiston | 17:25 / 23.03.2020
82136
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga davo topilgani haqida feyk xabar tarqalmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalingan bemorni 3 soatda sog‘aytirib yuboradigan dori vositasi kashf etilib, sotuvga chiqarilgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda.

Amerikalik olimlar tomonidan kashf etilib, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e'lon qilingan «vaksina» haqidagi asossiz xabar global tarmoqning nafaqat o‘zbek segmentida, balki ingliz va yana boshqa tillardagi foydalanuvchilar orasida ham keng tarqaldi.

Aniqlik kiritish uchun aytish joiz, tarqalayotgan suratda vaksina yoki dori vositasi emas, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan test to‘plami aks etgan.

To‘plam Sugentech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning yordamida kishida koronavirus bor-yo‘qligini bir necha daqiqa ichida aniqlash mumkin.

Aholidan internetdagi turli tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ishonmaslikni, rasmiy va ishonchli manbalardan olinmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kun.uz Covid-19`ga qarshi qanday vaksinalar sinab ko‘rilayotgani haqida batafsil ma'lumot bergan edi.

Mavzuga oid