O‘zbekiston | 15:18 / 28.03.2020
9852
3 daqiqa o‘qiladi

Epidemiya bilan bog‘liq tashuv faoliyati uchun litsenziya talab etilmaydi – Transport vazirligi

Bugun, 28 mart kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov xususiy taksi xizmatlarida dezinfeksiya ishlari olib borilishi haqidagi savolga javob berdi. 

Navro‘z Ashurmatov / Foto: KUN.UZ

Navro‘z Ashurmatov fuqaro tomonidan “Yandeks” kompaniyasining taksi xizmatiga buyurtma berilganida haydovchi dezinfeksiya ishlari olib borilgani to‘g‘risidagi SES ma'lumotnomasini taqdim eta olmagani, bunday avtomobillar virus tarqatuvchisi bo‘lishi, buni kim nazorat qilishi haqidagi savolga quyidagi fikrlarni bildirdi.

“Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” AJ tuzilmasiga kiruvchi 9ta avtobus parklarida nafaqat qonuniy asosda (litsenziyaga ega bo‘lgan) yo‘lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshiruvchilar, balki oddiy fuqarolarning ham avtotransport vositalari bepul dezinfeksiya qilinmoqda.

2020 yil 26 martdagi O‘zbekiston Respublikasining 613-son qonuni bandiga muvofiq, epidemiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq qonunchilik qoidalarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, - deya ma'lumot berdi Navro‘z Ashurmatov.

Bundan tashqari, litsenziyaga ega bo‘lgan har bir avtomobil uchun litsenziya va oylik to‘lovlar haqidagi savolga javob berildi.

“Yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish uchun bir yillik litsenziya narxi 669 ming so‘mni tashkil etadi.

300 ming so‘m qiymatidagi oylik to‘lov majburiy soliq to‘lovlari, haydovchining oylik maoshi, shuningdek, tibbiy va texnik tekshiruvdan o‘tkazishni amalga oshiruvchi ishchilarning maoshidan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi”, - deya ma'lumot berdi Transport vazirligi matbuot kotibi.

Uning ta'kidicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 31 iyuldagi 636-son qarorining 1-ilovasi 4-bandiga muvofiq, aholi hayoti va salomatligiga xavf soluvchi tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini bartaraf qilish bilan bog‘liq tashuv faoliyati uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

Mavzuga oid