15:16 / 10.04.2020
13496

Nemis kompaniyalari pandemiya sharoitida qanday qilib xodimlarini ishdan bo‘shatmaslikka erishmoqda?

Nemis kompaniyalari inqiroz davrida xodimlari sonini qisqartirish o‘rniga, davlatning qo‘llab-quvvatlash dasturidan foydalanishlari mumkin.

Foto: Benjamin Child / Unsplash

Savdo ko‘rgazmalari, korporativ seminarlar va boshqa turli tadbirlar tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi Kaluza + Schmid GmbH kompaniyasi uchun 2020 yil juda yaxshi boshlangandi. Boshqaruvchi direktor Ryudiger Koxning eslashicha, jadval shu darajada zich ediki, hatto ayrim mijozlarga  rad javobini berishga ham to‘g‘ri keldi. Ammo fevral oxiriga kelib, Germaniya va boshqa davlatlarda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar joriy etila boshlangach, tadbirlar bekor qilina boshladi. 80 kishi mehnat qiladigan kompaniya bir necha kun ichida qiymati 1,6 mln yevrolik 30ga yaqin yillik loyihalarini yo‘qotdi.

Kox Amerikadagi rahbarlar xayoliga ham keltirmaydigan qarorni qabul qildi: xodimlarini bo‘shatish o‘rniga, ularga uyiga javob berib yubordi va maoshlarini to‘lashda davom etdi. Tadbirkor Kurzarbeit («to‘liqsiz bandlik») dasturidan foydalandi. Bu dastur qiyin vaqtlarda kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan.

Odatda Kurzarbeit yo‘qotilgan daromadning 60 foizini (farzandi bor ishchilar uchun 67 foiz) qoplab beradi. Maoshlarni ish beruvchi beradi, ammo bunda u xarajatlarni qoplash uchun ariza taqdim etadi. 

Yevropa mehnat qonunchiligini ko‘pincha iqtisodiyot tormozi deb atashadi, chunki u kompaniyalarga xodimlarni istalgan vaqtda ishga olish yoki bo‘shatishga imkon bermaydi. Ammo hozirgi pandemiya sharoitida Kurzarbeit kabi dasturlarning ijobiy taraflarini ko‘rsatib bermoqda. Fransiya, Italiya va Niderlandiya kabi qator Yevropa davlatlarida kompaniyalar daromadlar keskin kamayib ketganida yoki daromadsiz qolgan vaqtlarida oylik maoshlarni berish uchun davlat fondlari mablag‘laridan foydalanishi mumkin. 

 AQShning kamida 26ta shtatida shunga o‘xshash tarzda ishlaydigan hamkorlikdagi bandlik deb nomlanuvchi dasturlar joriy etilgan. Ammo ular Yevropadagiga nisbatan kamtarona yordam taklif etadi. Buning ustiga, xodimlari butunlay ishsiz qolgan emas, kamroq ishlaydigan kompaniyalargina kompensatsiya olishi mumkin. Germaniyada esa ishchilar ishni butunlay to‘xtatgan taqdirda ham davlat fondi xarajatlarni qoplab beradi.

To‘liqsiz bandlik dasturlari kompaniyalarga ularga bog‘liq bo‘lmagan holda paydo bo‘lgan inqirozni yengib o‘tishga va xodimlari ishga qaytishi bilan faoliyatini darhol qaytadan boshlashga yordam beradi.

Odatda ishlab chiqarish va agrosanoat korxonalari Kurzarbeit dasturiga ko‘p murojaat qilib keladi. Ular qurg‘oqchilik yoki jahon moliyaviy inqirozi kabi jiddiy holatlarda dastur imkoniyatlaridan foydalangan. Ammo hozirda Angela Merkel hukumati pandemiya davrida eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniyalarni davlatga murojaat qilishga chaqirmoqda. 

 Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil Germaniyada 2,15 mln nafar ishchi to‘liqsiz bandlikka o‘tishi mumkin, bu hukumatga 10 mlrd yevroga tushadi. Germaniya mehnat vazirligining ma'lumot berishicha, mart oyining birgina haftasida 76,7 mingta kompaniya ushbu dasturga murojaat qilgan. 

 Yevropadagi barcha zavodlarini yopayotgan Volkswagen AG kompaniyasi 80 ming nafar ishchisini to‘liqsiz bandlikka o‘tkazishni rejalashtirmoqda. U bilan raqobatchi bo‘lgan Daimler konserni esa 6 apreldan 170 ming xodimi uchun ish soatlari miqdorini qisqartirdi. Puma kompaniyasi 1,4 ming xodimini to‘liqsiz bandlikka o‘tkazmoqchi.

Hozirda Kaluza + Schmid kompaniyasining Berlindagi shtab-kvartirasi deyarli bo‘m-bo‘sh. Bu yerda Kox va xodimlarga maosh to‘lashga mas'ul besh nafar xodim ishlamoqda xolos.

«Biz to‘xtovsiz bunday yashay olmaymiz. Ammo bir necha oy ishlashga imkonimiz bor. Bu davr qancha qisqa vaqt davom etsa, biznes uchun shunchalik yaxshi bo‘ladi», deydi Kox.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top