O‘zbekiston | 00:29 / 11.04.2020
13777
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov pandemiya davri tugaganidan so‘ng O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma'lumot berdi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov koronavirus pandemiyasi tugaganidan so‘ng O‘zbekistonda amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Aziz Abduhakimovning bildirishicha, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan jahon turizm bozoridagi favqulodda vaziyatning O‘zbekiston turizm sohasiga salbiy ta'sirini kamaytirishga doir tezkor chora tadbirlar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavius bilan bog‘liq karantin davri tugaganidan keyin turizm sohasidagi startap loyihalar, jumladan innovatsion biznes g‘oyalar, ayniqsa yoshlar va ularning sayyohlarga qulaylik yaratishga yo‘naltirilgan dasturlarini subsidiyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, “O‘z diyoringni o‘zing kashf et” loyihasi doirasida mahalliy aholini audio, foto va video material to‘plash jarayoniga jalb etib, shu asosda “Turizm qishlog‘i”, “Turizm mahallasi”, “Turizm ovuli” maqomiga ega aholi punktlari reyestrini kengaytirish ko‘zlanyapti.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Shuningdek, “Sayohatingni rejalashtir” aksiyasi o‘tkaziladi hamda turizm sohasi sub'yektlari bilan hamkorlikda aholi orasida pandemiyadan keyin O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga oid taklif va onlayn arizalarni qabul qilishni keng targ‘ib qilish bo‘yicha elektron tizimni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Turizm uchun yangi biznes g‘oyalar” onlayn tanlovi, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy sayyohlar orasida “O‘zbekistondan olgan taassurotlarim” va mahalliy sayyohlar orasida “Mening sayohatim” aksiyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda ekskursiyachi, gidlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda “O‘lkashunoslik”, “Yosh turist” kabi yo‘nalishda ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, pandemiyaning salbiy ta'sirini yumshatishga yo‘naltirilgan yangi imtiyozlar taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid