Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Advokatlar maqomini oshirishga doir hujjat loyihasi e'lon qilindi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylangan loyihada advokatlar maqomini tubdan oshirishi mumkin bo‘lgan qoidalar ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasiga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan:
- advokat bo‘lishni istagan shaxslar uchun advokatlik tuzilmalarida majburiy uch oylik stajirovka muddati saqlangan holda yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talabni bekor qilish;
- advokatlik tuzilmalari va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatishni “yagona darcha” tamoyili asosida Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirish;
- advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji miqdorini kamaytirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalarini ular tomonidan tashkil etiladigan yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish uchun davlat bojidan ozod etish;
- advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish va yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizalarni ikki kunlik muddatda ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada 2020 yil 1 sentyabrdan advokatlik tuzilmalari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq stavkasi 5 foizgacha pasaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qaror loyihasida advokat sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari va tashkilotlari binolariga ish vaqtida o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirishidagi zaruriyat sababli hech bir to‘sqinliksiz (faqat advokat guvohnomasini taqdim etish bilan) kirish hamda o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqiga ega bo‘lishiga oid qoida kiritilgan.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati 2025 yil 1 yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib advokat sifatida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi belgilanmoqda.
Loyihaning e'tirofga molik jihatlaridan yana biri bu advokatni majburiy keltirishga, shaxsiy tintuv o‘tkazishga, uning uy-joyi, xizmat xonalarini, yuklarini, shaxsiy va xizmat transport vositalarini ko‘zdan kechirishga, advokatni uning kasbiy faoliyatiga taalluqli masalalar bo‘yicha so‘roq qilishga, shuningdek uning pochta, kurerlik jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilishga, axborot tashishning elektron vositalarini ko‘zdan kechirishga va nazorat qilishga, advokatning telefoni va boshqa telekommunikatsion qurilmalari orqali amalga oshirilayotgan so‘zlashuvlarni eshitib borishga, aloqaning texnik kanallaridan advokatga bog‘liq bo‘lgan axborotni olishga yo‘l qo‘yilmasligiga oid qoidalarining qonun darajasida belgilanayotganligidir.
Ushbu xarakatlar advokat jinoyat ishiga gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi sifatida jalb qilingan taqdirda sudning sanksiyasi asosida amalga oshiriladi. Bunda advokatning uy-joyida, xizmat xonalarida, transport vositalarida tintuv o‘tkazish, ko‘zdan kechirish O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakilining ishtirokida o‘tkaziladi.
Shuningdek, loyihada O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini rivojlantirish Konsepsiyasi va advokatura institutini Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Qaror loyihasining muhokamasi shu yilning 25 apreliga qadar davom etadi.
Mavzuga oid
18:34 / 26.04.2026
“Dacha”larning elektron bazasini yaratish va ijara narxlarini nazorat qilish rejalashtirilmoqda
07:51 / 02.04.2026
Toshkent viloyatida advokat 10 ming dollar bilan ushlandi
09:35 / 01.04.2026
Mobil tariflarga yangi talablar joriy etilishi mumkin
08:11 / 18.03.2026