Tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi bo‘yicha hujjat qabul qilindi
Endi qishloq xo‘jaligi sharoiti ayniqsa og‘ir bo‘lgan tumanlarda ekinlar ekilishi ahvoli har oyda deputatlar va senatorlar tomonidan o‘rganiladi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘riladi.
13 aprel kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlarining «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Senatining axborot xizmati.
Ma'lumki, 2020 yil 8 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbayi bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori prezident raisligidagi yig‘ilishda belgilangan vazifalar asosida qabul qilinib, mazkur hujjat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.
Jumladan, unda aholiga o‘z tomorqasidan samarali foydalanishda har tomonlama yordam berilishiga ko‘maklashish maqsadida parlament a'zolaridan iborat Ishchi guruh tuzildi hamda uning asosiy vazifalari belgilab olingan.
Endilikda hududlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sharoiti og‘ir bo‘lgan tumanlarda ekinlar ekilishi ahvoli har oyda deputatlar va senatorlar tomonidan o‘rganiladi, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘riladi.
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘idan maqsadli foydalanishni tashkil etishga ko‘maklashiladi. Shu maqsadda Ishchi guruh tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan joylarda qanday foydalanilayotgani doimiy o‘rganib boriladi va shu yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari shaxsiy manfaatdorligi va mas'uliyatini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan tegishli vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida hisobotini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qolaversa, kam ta'minlangan va qarovchisi yo‘q oilalarga ilg‘or fermerlar biriktirilib, ularga tomorqa yerlariga ishlov berish, ekin ekish va parvarishlash bo‘yicha yordam beriladi. Bu jarayonlarning barchasi deputatlar tomonidan nazorat qilib boriladi. Yerdan samarali foydalanayotgan tomorqa yer egalarini rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanmaganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Shu maqsadda bir oy muddatda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanishni tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlari inventarizatsiyadan o‘tkazilib, takliflar tayyorlanadi. Ushbu sohaga doir qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqiladi.
Masalaning dolzarbligidan kelib chiqib, har chorakda mutasaddi vazirlik va idoralarning dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish hamda mahsulot ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha olib borayotgan ishlari yuzasidan axborotlari eshitib borilib, hududlarda muntazam muhokamalar o‘tkaziladi.
Parlament palatalari Kengashlarining ushbu qo‘shma qarori aholining turmush tarzini yanada yaxshilash, ularning bandligini ta'minlash, tomorqalarda yetishtirilgan arzon, sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mavzuga oid
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
23:26 / 25.06.2024
2024 yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 65 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi - Senat
22:58 / 25.06.2024