Jahon | 20:20 / 13.04.2020
37898
9 daqiqa o‘qiladi

YeI uchun tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinmayapti

Yevropa Ittifoqi Buyuk Britaniyaning 2020 yil 31 yanvardan boshlab a'zolikdan chiqishini hali hazm qilishga ulgurmay, yangi turdagi koronavirusdan juda  kuchli zarbani qabul qilib oldi.

Foto: moritz320

YeI ichdan darz ketdi

Xitoy, Eron va AQSh singari epidemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar safida Italiya va Ispaniya ham bor. Yevropa Ittifoqi ushbu ikki a'zo davlatga lozim paytda lozim darajada yordam ko‘rsatmadi. Garchi ittifoq bayrog‘ining moviy fonidagi 12ta oltin yulduzdan iborat doira Yevropa xalqlari o‘rtasidagi birlik, hamjihatlik va uyg‘unlikni aks ettirsa-da, G‘arb ushbu og‘ir kunlarda mazkur g‘oyani amalda ko‘rsata olmadi.

Covid-19’ning qit'aga tez tarqalishi natijasida YeIga a'zo davlatlar o‘z ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishdi. Shengen mintaqasi kabi umumiy qadriyatlar to‘xtatildi. Virus o‘choqlari – Italiya va Ispaniyaga Turkiya, Xitoy, Kuba, Vetnam kabi davlatlar yordam qo‘lini cho‘zdi. Ammo YeI asoschilari bo‘lmish Germaniya va Fransiya bosim ostida qolganlaridagina ushbu ikki ittifoqdoshlariga niqob jo‘natishga majbur bo‘lishdi. Bu esa Yevropa Ittifoqining ichdan allaqachon darz ketganini oshkor qilib qo‘ydi.

YeI muammolar qurshovida

2009 yil yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz, 2015 yildan e'tiboran kun tartibiga chiqqan qochqinlar muammosi va «Breksit» oqibatlari bugungi kunda Yevropa Ittifoqida sodir bo‘layotgan voqealar va munosabatlarning asl ildizlaridir.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining iqtisodiy siyosat nuqtayi nazaridan o‘zaro murosaga kela olmayotgani ittifoqning «Xilma-xillikda birlik» degan shioriga qarshi o‘laroq, ko‘plab tafriqalarga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, qochqinlar muammosida ittifoqqa a'zo davlatlarning umumiy immigratsiya siyosati mavjud emasligi ham davlatlararo nomuvofiqlikning yana bir ko‘rinishidir. Shuning uchun Yevropa Ittifoqi davlatlarining qochqinlar masalasida o‘z ichki siyosatiga muvofiq harakat qilishi YeI organlarining samaradorligi borasidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Keyinchalik esa «Breksit» tufayli vaziyat yanada keskinlashdi – G‘arb integratsiyasi va ittifoq ichidagi hamjihatlik masalasi eng katta muammolardan biriga aylandi.

YeI birdamlik uchun kechikdi

Ursula fon der Lyayyen
Foto: Twitter/vonderleyen

Ushbu voqealarning davom etishi asnosida Yevropani tarqalish o‘chog‘iga aylantirgan Covid-19 epidemiyasi «avval o‘zingni o‘yla» fenomenini sahnaga olib chiqdi. Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenning 5 aprel kuni tvitterda «Sekin-asta bo‘lsa-da, endi Yevropa birgalikda oyoqqa turmoqda» deb yozgani aslida bir e'tirof edi. Chunki YeI birdamlik uchun kechikkanini u juda yaxshi bilardi. Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan boshqa xabarlarida ham Italiyaga Polshadan shifokorlar jo‘natilgani, Ispaniyaga esa Chexiya va Avstriya niqob masalasida yordam berayotganini, italiyaliklar Germaniyadagi kasalxonalarda davolanayotganini aytdi va «Bu Yevropa hamjihatligining kuchidir. Kelajakni bunyod etish uchun esa bu g‘oyani aniq siyosiy harakat va sarmoyalarga aylantirishimiz lozim», dedi. Uning fikricha, Yevropa bugun yangi «Marshall rejasi»ga ehtiyoj sezmoqda.

Yangi «Marshall rejasi» nima uchun kerak?

Ma'lumki, «Marshall rejasi» AQSh tomonidan Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropa davlatlarini urushning salbiy asoratlaridan qutqarish uchun amalga oshirilgan iqtisodiy yordam dasturi edi. Yillar o‘tib, endilikda Yevropaning moddiy va ma'naviy jihatdan kuchga kirishi uchun Marshall yordamiga muhtojligi oshkora aytilmoqda.

Ursula fon der Lyayyen Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqining yangi va kuchli budjetini yaratish lozimligini ta'kidladi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham Guardian gazetasida chop etilgan maqolasida Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng dahshatli inqiroz – epidemiyadan so‘ng Yevropaning oyoqda tik qolishi dargumon ekanini, iqtisodiyotni qayta qurish uchun qo‘hna qit'a o‘zining yangi «Marshall rejasi»ni ishlab chiqishi lozimligini bayon etdi. 

Turgan gapki, yangi «Marshall rejasi» orqali katta mablag‘ni jalb qilish uchun Yevropa Ittifoqining barcha sherik institutlari ko‘magiga e'tibor qaratiladi. Ammo epidemiya boshlanganidan beri nimalar sodir bo‘layotganiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Yevropa bu masalada kelisha olmaydiganday tasavvur uyg‘otmoqda. Zotan, Yevropa Ittifoqi «Breksit» bilan ilk bor o‘z a'zosini yo‘qotgani kabi xalqaro maydonda ham «global kuch» imijini sekin-asta qo‘ldan boy bermoqda.

Janez Lenarchich YeIning aybini e'tirof etdi

Ursula fon der Lyayyendan so‘ng YeIning inqirozlarni boshqarish uchun mas'ul komissari Janez Lenarchich ham e'tirof bilan chiqdi. Uning ta'kidlashicha, ittifoq Italiyaning dastlabki chaqirig‘iga o‘z vaqtida javob qila olmadi. Hamjihatlik va birdamlik har doimgidan ko‘ra ko‘proq foyda beradigan ushbu og‘ir damlarda YeI g‘aflatda qoldi.

Aytish joizki, qiyin vaziyatga tushib qolgan ittifoq mamlakatlariga endi ko‘mak berilayotgan bir paytda «Marshall rejasi» kabi ulkan yordam paketini amalga oshirish juda qiyin masala. Qolaversa, iqtisodiy inqiroz davrida ham umumiy iqtisodiy kelishuvlar amalga oshmay qolgan ekan, endi nimadan umid qilish mumkin?

Germaniya nega oyog‘ini tirab turibdi?

Hozirda Italiya va Ispaniya umumiy qarz olish tizimini yaratish fikrini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biroq Germaniya boshchiligidagi guruh ushbu tizim o‘rniga Yevropa barqarorlik mexanizmining (ESM) kredit shartlarini yumshatish taklifini bildirmoqda. Ammo ESM joriy etilishiga qarshi bo‘lgan davlatlar kelgusida hozirgidan-da og‘irroq vaziyat yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirlanib, ushbu taklifni rad etmoqda. Ya'ni Ispaniya, Italiya, Fransiya, Belgiya, Lyuksemburg, Irlandiya, Portugaliya, Gretsiya va Sloveniya kabi davlatlar Covid-19 obligatsiyalari bilan birga milliy qarzlarni ham bo‘lishish kerakligini ta'kidlashmoqda. Germaniya, Niderlandiya, Avstriya va Finlyandiya kabi davlatlar esa bu fikrga qarshi.

Ayniqsa, Germaniya ittifoq tarkibidagi eng qudratli iqtisodiyot sohiblaridan biri sifatida janubiy Yevropa mamlakatlariga kafil bo‘lib qolmaslik uchun bu masalada «oyog‘ini qattiq tirab turibdi». Shuning uchun ittifoqqa a'zo davlatlar moliya vazirlari ishtirokida 7 aprel kuni o‘tkazilgan 16 soatlik videokonferensiya ham hech bir natija bermadi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Yevropa Ittifoqi uchun ta'sirchan umumiy qutqaruv paketi hali bir orzu.

«Italiyaliklarning kelajagi nemislarning qo‘lida»

Italiya va Ispaniya Yevropada virusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakatlar bo‘lib qolmoqda
VALDRIN XHEMAJ/EPA

Oksford universitetining Yevropa tarixi bo‘yicha professori Timoti Garton Ash 7 aprel kuni Der Tagesspiegel gazetasida chop etilgan maqolasida Italiyaga qanday yordam berilishi va Germaniyaning kelgusida tutadigan pozitsiyasi ittifoq kun tartibida turgan eng muhim masalaga aylanganini aytdi.

Zotan, 2020 yil mart oyida Italiyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, italiyaliklarning 88 foizi Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashini his qilmasliklarini, 67 foizi esa YeIga a'zolikdan hech bir naf ko‘rmayotganini bildirgan. Ashning fikricha, Italiya gazetalarida «Italiyaliklarning kelajagi nemislarning qo‘lida» kabi sarlavhalar e'lon qilinayotgan bir paytda Germaniyaning qanday yo‘l tutishi ittifoq kelajagiga ham ta'sir qiluvchi eng muhim qaror bo‘ladi.

YeI a'zoligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Hozirgi vaziyatda YeI uchun tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rinmayapti. Kun kelib, hammasi izga tushib ketgan taqdirda ham a'zo davlatlar YeI a'zoligining ijobiy va salbiy tomonlarini qayta ko‘rib chiqishsa ajab emas. Zotan, Angliya ochib bergan «chiqish» yo‘lagiga boshqalarning qadam bosmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, Yevropa Ittifoqi ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan «qon» yo‘qotdi.

Ko‘ramiz, ko‘hna qit'a avvalgi qudratli holiga qaytib, Jan Monet aytganiday, o‘zining inqirozlardan tug‘ilganini amalda isbotlay olarmikin.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzuga oid