Jahon | 19:50 / 14.04.2020
5361
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada ayrim savdo muassasalari faoliyati tiklandi

Qaytadan ish boshlagan korxonalar karantin choralariga qat'iy rioya qilishi, jumladan, kamida bir metrlik ijtimoiy masofa saqlanishini, binolar ichini shamollatishi, ishchilarni dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlashi lozim.

Italiya bosh vaziri imzolagan dekretga muvofiq, mamlakatda kitob va kanselyariya do‘konlari, bolalar kiyim-kechaklari sotiladigan do‘konlar yana o‘z faoliyatini boshladi.  

Italiyada shuningdek, birinchi zarurat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda transport tashkilotlari ishlashda davom etmoqda. Seshanbadan boshlab, ular qatoriga o‘rmonchilik, kompyuterlar ishlab chiqarish, gidravlika ishlari, ulgurji qog‘oz savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar  ham qo‘shildi. Barcha tadbirkorlarga omborlarda saqlanib turgan yuklarini jo‘natishga ruxsat berildi.

Qaytadan ish boshlagan korxonalar karantin choralariga qat'iy rioya qilishi, jumladan, kamida bir metrlik ijtimoiy masofa saqlanishini, binolar ichini shamollatishi, ishchilarni dezinfeksiya vositalari bilan ta'minlashi lozim.

Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Lombardiya va Pemont oblastlarida esa oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa do‘konlar ochilishiga ruxsat berilmaydi. Sardiniyada yuqorida sanab o‘tilgan do‘konlarning ayrimlari 26 aprelgacha ochilmaydi.

Seshanba kuni yumshatilgan choralar oraliq xarakterga ega bo‘lib, Italiyada koronavirus tarqalishiga qarshi umumiy choralar 3 maygacha uzaytirilgan. Agarda kasallikka chalinish bilan bog‘liq holatlar kamayishi saqlanib qolsa, 4 maydan ikkinchi bosqich boshlanishi kutilmoqda. Bu boradagi qaror epidemiolog va virusologlarning tavsiyalari inobatga olingan holda qabul qilinadi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Italiyada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 160 mingga yaqin holat qayd etilgan, 20 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid