Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston olayotgan 1 mlrd dollarlik tashqi qarzning dastlabki qismi aprelning oxirida kelib tushadi – Timur Ishmetov
Bir qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar O‘zbekistonga qarz berishga rozi bo‘lishgan. Aprel oyining oxirida qarzning dastlabki qismi, keyingi uch oy davomida qolgan qismi kelib tushadi, dedi Timur Ishmetov.
O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov 15 aprel kuni Markaziy bankda o‘tkazilgan onlayn brifingda prezident farmoniga asosan olinayotgan 1 mlrd dollar miqdoridagi tashqi qarz bilan bog‘liq muzokaralarga to‘xtaldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
“Inqirozga qarshi kurashish uchun 10 trln so‘mlik jamg‘arma tuzilgan bo‘lsa, bu birinchi qadamlar uchun deb aytilgan. Agar koronavirus tarqalishining oldini olish, odamlarimizni ushbu infeksiya yuqishidan saqlab qolish uchun yana qancha kerak bo‘lsa, shuncha xarajat qilinadi. Shundan kelib chiqib, birlamchi prognozlarimizdan farqli ravishda budjet taqchilligi yana oshishi mumkin. Lekin bu hech qanday xavotirli masala emas, chunki bizning yetarli fiskal buferlarimiz bor. Oxirgi 3 yilda olib borilayotgan siyosat evaziga xorijiy mamlakatlardan, xalqaro moliyaviy tashkilotlardan arzon qarz resurslarini ham bemalol jalb qilishimiz mumkin.
Bu mablag‘larni jalb qilishga keladigan bo‘lsak, 2020 yil 19 martdagi prezident farmoniga asosan chetdan 1 mlrd dollar miqdorida qarz jalb etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu bo‘yicha barcha xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan birlamchi muzokaralarni olib borganmiz. Bugungi kunda Jahon banki 2020 yil davomida 1 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ni ajratishga birlamchi roziligini bildirgan, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa bir qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar O‘zbekistonga qarz berishga rozi bo‘lishgan. Kutishimiz bo‘yicha, aprel oyining oxirida qarzning dastlabki qismi kelib tushadi. May, iyun va iyul oylarida biz mo‘ljallab turgan 1 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ kelib tushadi”, deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Uning aytishicha, hukumatning asosiy vazifasi odamlarni koronavirus infeksiyasidan saqlab qolish, buning uchun barcha kerakli xarajatlarni ta'minlashdan iborat.
“Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, yil boshida budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,7 foiz deb baholangan edi, bu jami fiksal taqchillik. Bu yerda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 0,5 foiz va tashqi qarz bilan bog‘liq xarajatlar bilan birga jami 2,7 foizni tashkil qilishi kutilgandi.
Hozirgi sharoitdan kelib chiqib, yangilangan prognozlarga asosan budjet taqchilligi qo‘shimcha 2 foizga oshishi mumkin. Lekin bu O‘zbekiston uchun qandaydir salbiy oqibatlarga olib keladi deb o‘ylamaymiz. Keyingi yilning o‘zida yana barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ijobiy natijalarga erishamiz. Chunki hozirgi paytda qanchalik qiyin bo‘lmasin, hukumatning asosiy vazifasi odamlarni koronavirus infeksiyasidan saqlab qolish, buning uchun barcha kerakli xarajatlarni ta'minlashdan iborat. Buning natijasida yuzaga kelgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan esa keyinroq shug‘ullaniladi. Deylik, tarozining bitta pallasida odamlarning hayotini saqlab qolish xarajatlari, ikkinchisida iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash turgan bo‘lsa, avval xarajatlarni ta'minlab, buning iqtisodiy oqibatlari bilan keyinchalik shug‘ullanish maqsadga muvofiq”, deydi Timur Ishmetov.
Avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bugungi kunda har qanday hukumat oldida turgan muhim masala haqida to‘xtalib, bunday sharoitda mablag‘ni ayab o‘tirmaslik kerakligini ta'kidlagan edi. Uning aytishicha, prezident odamlarning birlamchi ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha topshiriq bergan, hukumat turmush darajasi og‘irlashishiga qarshi barcha choralarni ko‘rmoqda.
Mavzuga oid
08:23 / 18.05.2026
Infografika: dunyoda eng katta tashqi qarzga ega davlatlar
11:20 / 08.05.2026
Nega hamma davlatning qarzi bor? O‘zbekistonning qarzi ko‘pmi-kammi?
17:29 / 02.05.2026
O‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
20:56 / 29.04.2026