Sunday Times gazetasi o‘zi o‘tkazgan surishtiruvlar asosida maqola e'lon qildi. Unda Jonson hukumati avvaliga Covid-19 tarqalishiga yetarli munosabatda bo‘lmagani va bir qator virusolog olimlarning dastlabki ogohlantirish signallarini e'tiborsiz qoldirib, inqiroz boshida besh haftani yo‘qotgan, degan xulosa berilgan.

Maqolada hukumat yanvar-mart oylarida koronavirus ta'sirini kamaytirish uchun imkoniyatni qo‘ldan chiqargani, mamlakat bunday pandemiyaga umuman tayyor bo‘lmagani ta'kidlangan. Tibbiy himoya vositalari taqchilligi hamda virusni aniqlovchi testlar yetarli emasligi tanqid qilingan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari, shifokorlar va olimlarning gazeta muxbirlariga ma'lum qilishicha, yanvar oyining oxiri va hatto, fevral oyining boshlarida ham hukumat tuzilmalari yaqinlashayotgan xavfga nisbatan beparvo bo‘lgan. Pandemiyaning sodir bo‘lishi aniq bo‘lsa-da, unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hech qanday ish qilinmagan.

Sunday Times nashrining yozishicha, o‘sha paytdayoq xavfli virus odamdan odamga yuqishi tufayli mamlakatga koronavirus kirib kelishi va odamlar orasida tarqalishi aniq bo‘lgan. Chunki o‘sha vaqtda Uhanda karantin e'lon qilingandi.

Yaqinda Buyuk Britaniya hukumati mamlakat koronavirus keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini ma'lum qilgan edi. Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi: mamlakat koronavirus pandemiyasiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan va virus yuqtirganlar soni bo‘yicha oltinchi o‘rinda bormoqda (124,7 mingdan ortiq zararlanish holati va 16509 o‘lim).

Hukumatdagi mas'ul shaxslardan birining so‘zlariga ko‘ra (gazeta uning ismini oshkor etmagan), pandemiyaga qarshi sinov amaliyotlari mamlakatda ancha yillardan buyon o‘tkazilmaydi. Bundan tashqari, koronavirus kundan kunga xavf solib kelayotganini bilib turib ham tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari zaxirasi to‘ldirilmadi, mavjudlarining amal qilish muddati esa allaqachon tugab bo‘lgan.

Yanvar oyi oxirida hukumatning ayrim maslahatchilari yangi virusning yuqumli ekani va u keltirishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar 1918-19 yillarda butun dunyo bo‘ylab 50 million odamning o‘limiga sabab bo‘lgan «ispanka» virusi bilan tenglashtirilayotgani haqida ogohlantirgan, ammo hukumat ularni jiddiy qabul qilmagan.

Oradan bir oy o‘tgach, fevral oyi oxirida olimlar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, epidemiya oqibatida Buyuk Britaniya 380 ming nafargacha fuqarosini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirib, hukumatni zudlik bilan karantin joriy etishga chaqirishadi.