«Aksar hollarda qorni to‘qlar uchun dasturxonlar yozdik. Bugun shu xatolarimizni to‘g‘rilashimiz joiz» – Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida ishtirok etgan Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov bugungi sinovli kunlarda ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zayotgan saxovatpesha odamlar haqida so‘z yuritib, ushbu amallari uchun ular qanday savob olishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Oisha onamiz aytadilar: «Saxovat – bir daraxt, uning tomiri jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgan bo‘ladi. Kimki uning shoxidan ushlasa tomiri tomon, ya'ni jannatga ortadi. Baxillik ham bir daraxt, uning tomiri do‘zaxda, shoxlari esa yer yuzida bo‘ladi. Uning shoxidan ushlaganlarni do‘zax o‘ziga tortadi». Demak, bugun kim saxovat qilayotgan bo‘lsa, albatta u jannatdan tushgan daraxtning shoxlarini ushlayapti.
Yurtimizda qancha saxovatli, himmatli insonlar bor. Ular hammasi jannatdan tushgan daraxtning shoxini ushlab turganlardir. Biz hozir tadbirkorlarga ko‘p e'tibor qaratyapmiz, Ular o‘zining nomi bilan tadbirkor. Bunday odamlar mablag‘ini ko‘paytirishning ilmini yaxshi bilishadi, shu ishga mohir bo‘lishadi. Agarki tadbirkorlarga hozir bitta biznes taklif qilinsa, bu ishdan yetti yuz marotaba ko‘proq foyda olasiz deyilsa, tabiiyki, bunga yo‘q deydigan biror tadbirkor topilmaydi.
Mana shu va'dani Alloh berib turibdi. Men Allohning oyatini yetkazmoqchiman. Qur'oni Karimning “Baqara” surasi 261-oyatida Alloh taolo shunday deydi: “Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli, xuddi bir dona donga o‘xshaydi. Undan yetti boshoq o‘sib chiqadi, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko‘paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi zotdir”. Bu yerda qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinyapti.
Agar bitta bug‘doy donini eksa, shundan yetti boshoq chiqsa, har bir boshoqda yuztadan don qilib qaytaradi deyilyapti. Alloh buni bizga misol keltirib aytyaptiki, agar sizlar mening yo‘limda, ya'ni Alloh yo‘lida bir so‘m sarflasangiz, men buni yetti yuz marotaba qilib sizlarga qaytaraman deyapti. Bu va'dani Alloh beryapti. Qanday qilib mo‘min-musulmon bo‘la turib, Allohning va'dasini inkor qilish mumkin?!», deya Nuriddin Xoliqnazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Toshkent shahar bosh imom-xatibining aytishicha, kambag‘al-miskinlarga yordam qilib, uning savobini ota-onasining haqqiga bag‘ishlash eng ulug‘ amallardan biri hisoblanadi.
«Shu paytgacha ota-bobolarimizdan kelgan saxovat orqasidagi barakani hammamiz ko‘rdik. Payg‘ambarimiz alayhissaloti vasallam rostgo‘y zot edilar. Odatda rost gapiradigan odam qasam ichmaydi. Qasam shubhani ketkazish uchun ichiladi. Lekin bir joyda payg‘ambarimiz (s.a.v.) qasam ichib aytgan ekanlar: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasam ichib aytamanki, kim Alloh yo‘lida pulini ishlatadigan bo‘lsa, Alloh albatta uning o‘rnini to‘ldirib qo‘yadi”.
Shuning uchun bugun qo‘limizdan kelganicha saxovatimizni qilishimiz kerak. To‘g‘ri, hech kimni majbur qilinmayapti. Lekin aslida majburiyat din tomonidan musulmon badavlat odamga yuklatilgan. Zakot, fidya va fitr ro‘za kabi ehsonlar – Alloh tomonidan boy mo‘min kishining gardaniga yuklatilgan majburiyat. Zakotni o‘zbekchasiga tarjima qiladigan bo‘lsak, topilgan daromadni halollash. Arablar ba'zida qo‘y so‘yishniyam zakot deydi. Nima uchun? Chunki o‘sha qo‘yni so‘yish bilan uning go‘shtini halol qilishadi. Demak, zakot berishlik zakot egasining to‘plagan molini halol qilishlikdir. Shu sababli har bir musulmon Ramazon oyida zakotini beradi. Zakotidan tashqari, bu oyda infoqu ehsonlarni qiladi. Chunki Ramazon oyi bu – mag‘firat oyi, saxovat oyi. Ana shuning uchun ham biz bugun hammamiz saxovat yo‘liga o‘tishimiz kerak.
Bir tadbirkor birodarimiz mendan so‘rab qoldi. Bir ajib gap aytdi-da, ko‘pchilikda bu narsa bor. Bu dunyo bir kam dunyo ekan, qachon puli ko‘payib, ishi yurishib hamma yog‘i yaxshi bo‘lganda afsuski ota-ona olamdan o‘tib qoladi. Ko‘pchilikda shu armon bor. “Domla, davlatim ko‘paydi, orzu qilgan hamma narsam bor, lekin afsuski onam yo‘qlar. Hozir hayot bo‘lganlarida jonim fido edi. Ularga yaxshilik qilish uchun nima qilsam bo‘ladi?”, deb ko‘p so‘rashadi. Ana o‘shalarga payg‘ambarimiz bergan javobni aytaman.
“Bir sahoba kelib, yig‘lab turib aytdiki: “Yo, rasululloh sollallohu alayhi vasallam, men onamni shunaqa yaxshi ko‘ramanki, xizmatlarini qilishdan rohatlanardim, lekin olamdan o‘tib qoldilar. Nima qilsam yana xizmatlarini qilgan bo‘laman?”, deganlarida: “Onang nomidan bitta quduq qazitgin, o‘sha quduqning suvidan hamma foydalanadigan qilib qo‘yginki, savobi onangga yozilaveradi. Shu yo‘l bilan onangga xizmat qilgan bo‘lasan”, degan ekanlar. Imom Buxoriyda keladi bu hadis. Sahih hadislardan biri. Oisha onamiz rivoyat qilganlar. Sahoba quduq qazdirdi va uni insonlarga hadya qildi.
Bugun tadbirkorlarimiz bitta yo o‘nta kambag‘alning oilasini boqsinlar, yigirmata oilaning ta'minotini qilsinlar. Alloh yo‘lida ehson qilib, uyga kirib qo‘lingizni duoga ochib so‘rang: “Men bugungi qilgan amallarimning savobini marhuma onamning yoki otamning daftariga yozib qo‘y!” deydigan bo‘lsangiz, qiyomatda, ya'ni eng dahshatli kunda o‘zining yuzlab kambag‘allarga qilgan savobini ko‘rgandagi holatini bir tasavvur qiling», deydi u.
Nuriddin Xoliqnazarov, shuningdek, isrofgarchilik haqida ham to‘xtalib, musulmonlarni isrof qilishdan, karantin sharoitida ommaviy iftorlik marosimlarini tashkillashtirishdan qaytardi. Bunday marosimlarga ketadigan pulni muhtojlarga ehson qilishga da'vat qildi.
«Xalqimiz boshidan urushlarni, ocharchiliklarni o‘tkazgan. Lekin hech qachon qo‘shnisini tashlab qo‘ygan xalq emas. Hatto boshqa millat bo‘lsa ham. Bugun esa biz bitta millatmiz. Bitta kemada ketayotgan odamlarmiz. Agar bugungi sinovli kunlarda davlatimizga, xalqimizga yelkadosh bo‘lmasak, bugun musulmon farzandi degan nomimizni oqlamagan bo‘lamiz.
Men yana bir narsani da'vat qilib qolardim. Musulmonlik, mo‘minlik vazifamizdan tashqari yashayotgan yurtimizdagi fuqarolik burchimizni ham unutmasligimiz kerak. Mana shu yurtning farzandimiz. Modomiki, yurtni oila, vatanni onaga qiyoslanarkan, birortamiz yo‘qki onamizga qiyinchilik kelganda jonimizni tikmaydigan. Bugun vatan, yurt yordamimizga, ko‘magimizga, bir-birimizga saxovatli bo‘lishimizga, ko‘p-ko‘p ehson qilishimizga muhtoj bo‘lib turibdi ekan, albatta bunga yelkadosh bo‘lishimiz kerak
Hammaga iltimos qilyapmiz. Keling, bu yil ommaviy iftorlik marosimlarini qilmaylik, uning pulini ehson qilaylik. Men badavlat insonlardan iltimos qilaman. Agar o‘tgan, undan oldingi yillardagi iftorlik va boshqa marosimlarni ko‘z oldimizga keltirsak, bugun uyalamiz. Qancha isrof bo‘lgan, qancha dabdaba bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning bitta go‘zal hadislari bor. “Dunyodagi eng yomon dasturxon bu qorni to‘qlar uchun yozilib, qorni ochlar chaqirilmaydigan dasturxondir”, deganlar sarvari koinot. Aksar dasturxonlarimizda doim qorni to‘qlar bo‘ldi, Shuning uchun bugun biz o‘sha xatolarimizni to‘g‘rilab, Allohning bergan ne'matiga shukr qilishimiz joiz. Ehson qilish uchun tadbirkor yoki boy-badavlat bo‘lish shartmas aslida. Payg‘ambarimiz yarimta xurmo bilan bo‘lsa-da, ehson qiling deganlar. Bugun nima qo‘limizdan kelsa, shuni ehson qilsak, inshoolloh, bizga tushirib qo‘yilgan daraxtning shoxini ushlab, jannat tomon intilgan bo‘lamiz. Alloh bu kunlarni bizdan bartaraf qilsin», deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surib, uning doirasida tadbirkorlar imkoniyatidan kelib chiqib o‘z hududlaridagi yordamga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishi maqsadga muvofiqligini ta'kidlagan edi. Davlat tomonidan esa bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta'minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar berilishi ham ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
13:56 / 02.07.2024
“Bolalarimizni ilmga, ma’rifatga o‘rgatishimiz kerak” – muftiy Nuriddin Xoliqnazar
22:23 / 23.04.2024
Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy Kengashiga qabul qilindi
16:05 / 21.04.2024
Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islomiy fiqh akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi
12:44 / 14.03.2024