O‘zbekiston | 11:23 / 07.05.2020
3578
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha O‘zbekiston-Chexiya ishchi guruhi tuziladi

Guruhning vazifasi ushbu sohada o‘zaro savdo hajmini oshirishdan iborat bo‘ladi.

Joriy yilning 5 may kuni O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov videokonferensaloqa orqali Chexiya bosh vazirining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri, transport vaziri K.Gavlichek bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishning ustuvor sohalari sifatida qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik tarmoqlari, xususan, nano-to‘qimachilik, noto‘qima materiallar va texnik to‘qimachilik sohalarini alohida ta'kidlab o‘tdi. Bu sohalarda ikki mamlakatning tegishli idoralari birgalikda istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqib, salohiyatli sheriklar bilan hamkorlikni amalga oshiradilar.

Tomonlar joriy yilning ikkinchi yarmida iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Chexiya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha jadal ish olib borishga va uning doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o‘tqazishga, shuningdek, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Chexiya Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi memorandumni hamda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Chexiya Mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni tayyorlash va imzolashni tezlashtirishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha O‘zbekiston-Chexiya ishchi guruhini tuzish to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi, guruhning vazifasi ushbu sohada o‘zaro savdo hajmini oshirishdan iborat bo‘ladi.

«Chexiya Eksport banki», Chexiyaning «Yuni Kredit Bank» filiali va EGAP (Eksport kafolat-sug‘urta jamiyati) kabi tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish, loyihalar uchun imtiyozli moliyalashtirishni jalb qilish hamda moliya va sug‘urta sohasida O‘zbekiston mutaxassislarning malakasini oshirish va moliya-texnikaviy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor beriladi.

Chexiya tomoni O‘zbekistonga Jahon savdo tashkilotiga kirishda, «GSP+» Yevropa Ittifoqining imtiyozlar tizimi benefitsiar-mamlakati maqomini olishda va YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolashda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida aniq investitsiya va savdo bitimlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, texnikaviy va gumanitar sohalardagi barcha kelishuvlarni amalga oshirilishini monitoring qilish uchun ikki mamlakat tashqi iqtisodiy idoralari rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida qo‘shma ishchi guruhini tuzishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid