O‘zbekiston | 07:46 / 08.05.2020
15093
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

O‘zbekistonda ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi. Unda:

1) ilm-fanni tizimli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar nazarda tutilgan:

ilm-fan taraqqiyotini ta'minlash davlat va xususiy sektorning asosiy vazifalaridan biri hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilash;

jamiyat va iqtisodiyotning real sektori tomonidan innovatsion texnologiyalarni joriy qilinishini har tomonlama rag‘batlantirish va mahalliy ilmiy salohiyatdan kelib chiqqan holda innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

ilm-fanni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida ilm-fanga yo‘naltirilayotgan mablag‘larni mamlakat yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini maqsadli parametrlarga muvofiq oshirib borish.

2) quyidagi asosiy vazifalarning bajarilishi uchun bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan mexanizmlar belgilangan:

ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish;

ilmiy faoliyatning me'yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish;

ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish va diversifikatsiyalash;

yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yo‘naltirish va yutuqlarini rag‘batlantirish;

ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish;

ilm-fan taraqqiyotiga ko‘maklashadigan zamonaviy axborot muhitini shakllantirish.

3) O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga borib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirish maqsadidan kelib chiqqan holda mazkur Konsepsiyani amalga oshirish samaradorligi va natijadorligiga oid asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish rejasi qo‘yilganligi qayd qilingan.

b) O‘zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har uch yilda alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi.

v) O‘zbekiston Respublikasida ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2020-2022 yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlari tasdiqlanadi;

g) O‘zbekiston Respublikasida ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini 2020-2022 yillarda moliyalashtirish hajmini kengaytirish va diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlariga erishish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

d) 2030 yilgacha ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, Konsepsiya, “Yo‘l xaritasi”, “Maqsadli parametrlar”, “Chora-tadbirlar rejasi” va “Maqsadli ko‘rsatkichlar”ni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda tizimli ravishda monitoring qilish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Mas'ul ijrochilar – bo‘ysunuvida ilmiy tashkilotlar mavjud bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari:

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar va tadbirlarni amalga oshirishning 2020 yil uchun hamda har yil yakunida kelgusi yil uchun chora-tadbirlar rejalarini (“yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) va mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ni o‘z vaqtida va sifatli bajarish hamda uning ijrosi haqidagi ma'lumotlarni “ijro.gov.uz” tizimiga doimiy kiritib borilishini;

har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) va mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi bo‘yicha ma'lumotlarni tegishli ravishda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

muntazam ravishda “Yo‘l xaritasi” va “Chora-tadbirlar rejasi”ni amalga oshirilishi bo‘yicha tizimli va ta'sirchan monitoring yuritilishini;

har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasiga chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) va mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan ma'lumotlar taqdim etib borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

har chorakda chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) va mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishi va uning natijalarini hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni;

yil yakuni bilan chora-tadbirlar rejalari (“yo‘l xaritasi”) va mazkur Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishi yakunlarini puxta o‘rganish asosida Konsepsiyani kelgusi yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar 2020-2030 yillarda ilm-fan sohasi va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish hajmini kengaytirish va diversifikatsiyalashning maqsadli parametrlarini amalga oshirish doirasidagi tegishli sarf-xarajatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va mahalliy budjet parametrlari doirasida mablag‘lar ajratadi.

Quyidagilar moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti;

Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;

innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘lari;

venchur jamg‘armalari mablag‘lari;

innovatsion faoliyat sub'yektlarining o‘z mablag‘lari;

oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donor tashkilotlar kreditlari (qarzlar), xalqaro grant mablag‘lari;

xususiy investorlarning va boshqa homiylarning, shu jumladan chet ellik xususiy investorlar va boshqa homiylarning mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Konsepsiyani amalga oshirishga xalqaro tashkilotlarning tashqi beg‘araz ko‘maklarini jalb etish yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri, Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi raisi A.N. Aripov – Farmon ijrosini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta'minlash, Konsepsiya hamda “Yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan mas'ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish, mas'ul rahbarlarning bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi majlislarida bir yilda kamida ikki marotaba eshitish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abdurahmonov hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yo‘ldoshevlarga — Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Mavzuga oid