O‘zbekiston | 19:06 / 10.05.2020
5897
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga insonparvarlik ko‘magining ikkinchi partiyasi jo‘natildi

O‘zbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida umumiy og‘irligi 34 tonna bo‘lgan insonparvarlik yuki shakllantirildi.

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13 aprel kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘makning 6,2 tonnalik birinchi qismi O‘zbekistonga 26 aprel kuni olib kelingan edi.

«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, 10 may kuni umumiy qiymati 192 ming dollarga yaqin tibbiy vositalar shaklidagi navbatdagi insonparvarlik yuki ortilgan «Uzbekistan Airways» kompaniyasining maxsus samolyoti Seuldan Toshkentga yo‘l olgan.

Qimmatli yuk tarkibiga avtomatik boshqariladigan ko‘p funksiyali tibbiy karavot, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, tibbiy niqoblar, inson immun tizimini mustahkamlashga xizmat qiladigan ozuqaviy qo‘shimchalar kiritilgan.

Insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning «BOMI Engineering», «LH Corporation», «Evergreen Motors», «Infinity Co., Ltd.» kompaniyalari, Shinxan universiteti hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va o‘zbekistonlik talabalar tomonidan taqdim etildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid