Urush... o‘z nomi bilan urush. Odamlar urushda g‘olib bo‘lmaydi, unda hamma mag‘lubiyatga uchraydi deb hisoblaydi. Chunki g‘olib tomon ham juda katta yo‘qotishlarga uchrashi mumkin. Lekin kimdir yutib chiqmasa, urushdan mantiq nima? Baribir urushda kimdir yutadi.

Shu o‘rinda bir o‘xshatish: Qadimgi Rim imperiyasi Apennin yarimorolini o‘ziga bo‘ysundirgach, qo‘shni Gretsiyani ham egallash uchun harakat boshlaydi. O‘sha davrda Ellada deb atalgan Gretsiya yaxlit bir davlat bo‘lmay, unda ko‘plab kichik davlatlar bor edi. Ana shunday davlatlardan biri Gretsiya shimolidagi Epir davlati bo‘lgan. Rim askarlari bu davlat hududiga bostirib kirar ekan, eramizdan avvalgi 280-279 yillarda bo‘lib o‘tgan janglarda Epir podshohi Pirr katta talafot berib bo‘lsa-da, rimliklarni yengadi.

Ayniqsa oxirgi jangda talafot mislsiz bo‘ladi. Shunda Pirr «Agar rimliklar ustidan yana bir marta g‘alaba qozonsam, yonimda hech kim qolmaydi» degan ekan. O‘shandan buyon dunyo ahli katta talafotlar evaziga qozoniladigan g‘alabani «Pirr g‘alabasi» deb nomlab keladi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani ham, uning asosiy g‘olibi juda katta talafotlar evaziga qo‘lga kiritganini inobatga olsak, bemalol «Pirr g‘alabasi» deb atash mumkin. Ikkinchi jahon urushida g‘oliblar safida turadigan barcha davlatlar haqida «katta yo‘qotishlarga uchragan» deb bo‘lmaydi. Bu g‘alabada eng katta yo‘qotish sobiq ittifoq zimmasiga tushgan.

Urush oqibatida SSSRning aholi zich yashaydigan va ko‘plab kichik sanoat korxonalari joylashgan g‘arbiy qismi batamom vayron bo‘ladi. Bir necha million kishi qurbon beriladi. Qolgan g‘oliblar esa nafaqat qurbonlar soni, balki boshqa yo‘qotishlar bo‘yicha ham SSSRdan kamroq talafot ko‘radi, hatto fashistlar oyog‘i yetgan Fransiya ham.

Ikkinchi jahon urushidagi asosiy g‘oliblar to‘rtta davlat: SSSR, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya hisoblanadi. Qolganlarning roli uncha katta emas. Quyida shu to‘rt davlatning ikkinchi jahon urushida yo‘qotganlari va qo‘lga kiritganlari haqida mulohaza yuritamiz.

1. SSSR
Yo‘qotishlar

Garchi ikkinchi jahon urushini fashistlar Germaniyasi bilan kelishib 1939 yilda boshlagan va Sharqiy Yevropadagi bir necha davlatni nemislar bilan birga bosib olgan bo‘lsa ham, oxir-oqibat bu urushda eng katta yo‘qotishlarga SSSR uchragan. Imperiya fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada eng asosiy g‘olib sifatida eslansa ham, urush oqibatida mamlakatning g‘arbiy qismi batamom vayron bo‘lgan, ko‘p millionlab qurbonlar berilgan.