Jahon | 00:19 / 15.05.2020
7131
4 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya ichki chegaralarni ochishni tavsiya qildi. Yevropa mamlakatlari nimalarga kelishib oldi?

Avstriya YeIning barcha davlatlari fuqarolariga mamlakatga har qanday maqsadda kirishiga ruxsat berdi.

Foto: EPA-EFE/GUILLAUME HORCAJUELO

13 may kuni Yevrokomissiya YeI va Shengen hududi davlatlariga ushbu mamlakatlar aholisining ittifoq hududida harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlashni tavsiya qildi.  

Bryusselning qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasida harakatlanishga qo‘yilgan taqiqlarning olib tashlanishi YeI ichki bozori uchun ayniqsa yozgi mavsum boshlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.  

«Bizda bu yil turistik mavsum bo‘lishiga ishonchimiz komil», — dedi iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissar Paolo Jyentiloni.

Shu bilan birga YeI va Shengen hududi ichida majburiy bo‘lmagan transchegaraviy safarlarni cheklash bo‘yicha tavsiyalar 15 iyungacha o‘z kuchida qoladi. Bryussel ushbu muddatgacha Yevroittifoqning tashqi chegaralarini ochmaslikka chaqirmoqda.  

Yevropada birinchi bo‘lib Boltiq davlatlari o‘zaro chegaralarni ochishga kelishib oldi

Yevrokomissiya birinchi navbatda davlatlararo chegaralarni ochishni tavsiya qilmoqda va ayrim davlatlar bu borada harakatni boshladi. Estoniya, Latviya va Litva 15 maydan ushbu davlatlar aholisi uchala davlat hududida bemalol harakatlanishiga kelishib oldi.  

Kelishuv doirasida avtobus, poyezd va samolyotlarda transchegaraviy yo‘lovchi tashish, turistik kompaniyalarga uchala davlat ichida sayohatlar tashkil etishga ruxsat berildi. Chegarani kesib o‘tishdagi ikki haftalik karantin bekor qilindi — Boltiq tashqarisidan kelganlargina karantinga olinadi.

Yaqin kunlarda Boltiq mamlakatlari o‘rtasidagi kelishuvga Finlyandiya ham qo‘shilishi kutilmoqda. Litva 12 maydan ishlash yoki o‘qish maqsadida keladigan Polsha fuqarolariga ham mamlakatga kirishga ijozat berdi. Ular 14 kunlik karantinga joylashtirilmaydi, ammo Latviya yoki Estoniyaga o‘ta olishmaydi. 

Germaniya, Fransiya, Avstriya va Shveytsariya o‘rtasidagi chegaralar 15 iyundan ochiladi

Markaziy Yevropada ham transchegaraviy harakatlanishga nisbatan qo‘yilgan taqiqlar bekor qilina boshlanadi. Germaniya 16 maydan Lyuksemburg bilan chegarasini to‘liq ochadi, yaqin vaqt ichida Daniya bilan ham ana shunday kelishuv imzolanishi kutilmoqda. Germaniyaning Avstriya, Fransiya va Shveytsariya bilan chegaralarida 16 maydan nazorat yumshatiladi.

15 iyundan Germaniya, Fransiya, Avstriya va Shveytsariya o‘rtasidagi chegaralarni to‘liq ochish rejalashtirilmoqda. 

Avstriya YeIning barcha davlatlari fuqarolariga mamlakatga har qanday maqsadda kirishiga ruxsat berdi. Bunda ular mamlakatga kirishdan oldin ko‘pi bilan to‘rt kun avval koronavirus aniqlanmagani to‘g‘risidagi testni ko‘rsatishlari yoki ikki haftalik karantinga borishlariga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida, ushbu hududda joylashgan Chexiya Avstriya bilan chegarasini 8 iyundan, Slovakiya bilan chegarasini esa 15 iyundan to‘liq ochishga tayyor. Germaniya bilan chegaralarni ochish borasidagi muzokaralar hozircha yakuniga yetgani yo‘q, chunki Chexiya hukumati u yerda kasallanish darajasi hali ham yuqori ekanligidan xavfsiramoqda.

Avvalroq Yevrokengash rahbari Sharl Mishel YeI mamlakatlarini chegarani tezroq ochishga chaqirgan, bu iqtisodiyot va turizm uchun zarur ekanligini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid