Qrimtatar xalqi surguniga 76 yil to‘ldi. Voqea qanday ro‘y bergandi?
Sovet ma'muriyati tomonidan 1944 yil 18 mayda o‘z vatanidan surgun qilingan qrimtatarlarnıng yarasidan hamon qon oqmoqda.
Sovet ittifoqi rahbari Iosif Stalinning qarori bilan Qrim tatarlarining bundan naq 76 yil oldin, ayni shu kuni yarim kechasi to‘plab, vagonlarda Markaziy Osiyoga surgun qilinishidan so‘ng paydo bo‘lgan og‘riqlar hamon yuraklarda his etilmoqda.
Tarix tarix bo‘libdiki, Qora dengizdan o‘z strategik manfaatlari yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lgan ruslarning Qrim yarim orolidagi hisob-kitoblari tugamagan. Shu bois ham Yekaterina II davrida Qrim tatarlariga qarshi boshlangan zulm va genotsid siyosati keyingi davrlarda ham fojiali tarzda takrorlandi.
Usmonli turklar va Chor Rossiyasi o‘rtasidagi urushdan keyin 1774 yilda imzolangan Kichik Qaynarja shartnomasi bilan Usmonlilar imperiyasidan ajralgan Qrim xonligini 1783 yilda Rossiya ishg‘ol etishi bilan Qrim tatarlari uchun og‘ir va mashaqqatli kunlar boshlanadi.
Rossiyaning bosim o‘tkazuvchi siyosati tufayli o‘n minglab qrimtatarlar Usmonlilar davlatining turli mintaqalariga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishdi.
Ikkinchi jahon urushi davrida sovetlar Rossiyasi Qrimni nemislarga qoldirishga majbur bo‘ladi. Qrim tatarlari sovetlar safida fashistlar Germaniyasiga qarshi mardonavor kurashdi. Shunga qaramay, rus qo‘mondonlari Qrim tatarlarini «nemislar bilan hamkorlik qilish»da aybladi.
Qizil armiya Qrimni Gitler Germaniyasidan qaytarib olgach, ruslar Qrim tatarlariga yana zulm o‘tkaza boshlaydi. Sovet ma'muriyati tomonidan Qrim tatarlariga qarshi hisobotlar tayyorlandi va ularni o‘z yurtlaridan tamoman haydab chiqarish talab qilinadi.
Sovet ittifoqi rahbari Iosif Stalin maxfiy farmonga imzo chekadi va Qrim tatarlarini Markaziy Osiyoga surgun qilishga qaror beradi. Surgun 20 may kuni boshlanishi va 1 iyul kuni yakunlanishi kerak edi. Biroq operatsiya 2 kun oldin olib borilib, 1944 yil 18 may kuni soat 03:00 atrofida Qrim tatarlarning surgun qilinishi boshlanib ketadi. Surgunni tezda tugatish maqsadida operatsiyani 1 iyunga qadar bajarish buyuriladi.
O‘sha paytda Ikkinchi jahon urushi davom etayotgani bois Qrim tatarlarining aksariyati Gitler Germaniyasiga qarshi sovet qo‘shini tarkibida jang qilayotgandi. Qrimda qoldirilgan ayollar, bolalar va qariyalar yarim tunda sovet askarlari tomonidan uyg‘otilib, 15 daqiqada maydonlarga yig‘iladi va poyezd vagonlariga chiqariladi. Shu asno 250 mingga yaqin qrimtatarlar 3 kun ichida hayvon tashishga mo‘ljallangan vagonlarda Markaziy Osiyoga badarg‘a qilingan. Deportatsiya qilinganlarning deyarli yarmi kasallik, ochlik va og‘ir sharoitlar tufayli yo‘lda vafot etadi.
Qrimtatarlar yarim oroldan haydalgandan so‘ng turk dunyosi madaniyati va boshqa jamoalarning izlarini o‘chirib tashlash uchun tizimli ishlar olib borildi. Masalan, 1944 yil oxirida sovet ittifoqi hukumati tomonidan chiqarilgan qaror bilan Qrimdagi barcha joy nomlari ruschaga o‘zgartiriladi.
Stalin vafotidan keyin Ukrainaning Rossiyaga qo‘shilishining bir yilligi munosabati bilan Qrim Ukraina sovet sotsialistik respublikasiga hadya etiladi. 1965 yildan e'tiboran Qrimdan quvilgan tatarlar o‘z vatanlariga qaytish uchun siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishga kirishdi.
Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, Qrim tatarlarining vatani Ukrainaga qarashli Qrim avtonom respublikasiga aylandi.
2014 yilda Rossiya noqonuniy ravishda Qrimni anneksiya qildi. Shu asno Qrim tatarlari yana Yekaterina II va Stalin davridagi kabi zulm siyosatining qurboniga aylanishdi.
Qrim tatarlari orasida ehtimoliy xavf sifatida ko‘rilganlar esa noqonuniy sabablar bilan ta'qib qilinib, qamoqqa tashlandi. Qrim tatarlaridan chiqqan taniqli shaxslar ham yarimorolga kirishi taqiqlab qo‘yildi. Qrimtatar xalqining rahbari Mustafo Abduljamil Qirim o‘g‘liga va qrimtatarlarning irodasini ifodalovchi Qrimtatar milliy majlisi (KTMM) raisi Refat Chubarovga yarimorolga kirish qat'iyan man etildi.
Qrimtatar milliy majlisi «ekstremistik tashkilot» sifatida baholanib, faoliyati taqiqlandi. Parlament bilan bevosita aloqada bo‘lgan 2500 tatar va ularning yaqinlari ekstremistik tashkilot a'zosi qatoriga kiritildi.
Rossiya ma'muriyatining bosimi tufayli minglab qrimtatarlar yarimorolni tark etishga majbur bo‘lishdi.
Yarimorolda qrimtatar xalqining uylari, masjidlari, bolalar bog‘chalariga qilingan bosqinlar va «terrorchi tashkilot a'zo bo‘lish» ayblovi bilan hibsga olishlar hanuz davom etmoqda. KTMM tahliliga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida Rossiya xavfsizlik kuchlari tomonidan qrimtatarlarning uylari, masjidlari va maktablarida 86 marta reyd o‘tkazilgan. Ushbu reydlar davomida 335 kishi qo‘lga olingan, 194 kishi so‘roq qilingan, 157 kishi esa qamoqqa tiqilgan.
Mavzuga oid
00:11
Zelenskiy: Trampning jamoasi bilan urush tezroq tugaydi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
19:41 / 15.11.2024
Rossiya kolonnasi Kupyanskka yorib kirgan, ammo Ukraina uni yakson qilganini aytmoqda. Nimalar ma’lum?
10:11 / 15.11.2024