Lotin Amerikasida eng og‘ir vaziyat Braziliyada kuzatilmoqda. Bu davlat ayni vaqtga kelib kasallanish holatlari soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqib olgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Braziliyada 350 mingga yaqin kishi Covid-19’dan zararlangan, 22 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylangan.
Mintaqaning boshqa davlatlari, Meksika, Chili va Peruda ham virus tufayli vaziyat og‘irlashgan.
AQShda so‘nggi holatlarda kasallik tarqalishi tempi tezlashishdan to‘xtadi, Yevropada virus tarqalishi pasaymoqda, endi Lotin Amerikasi dunyoda pandemiyaning yangi o‘chog‘iga aylandi.
«Biz Janubiy Amerikaning ko‘plab mamlakatlarida kasallanishlar soni ortayotganini kuzatyapmiz», dedi bu haqda e'lon qilgan JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Maykl Rayan.
Qit'ada Covid-19’dan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat 26 fevral kuni Braziliyada qayd etilgandi. Tadqiqotchilarning qayd etishicha esa, Braziliya va Janubiy Amerikaning yana bir necha davlatida yanvardayoq koronavirus bo‘lgan.
O‘tgan vaqt davomida virus qit'aning barcha davlatlariga yoyildi. Braziliya, Peru va Meksikada jami yarim milliondan ortiq kishi virusga chalindi, 30 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Bu uch davlat natijasi AQShnikidan kamroq. Ammo Lotin Amerikasida aholi keng miqyosda test qilinmayapti va kasallanganlarning haqiqiy soni rasmiy statistikadagidan ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Mintaqaning aholisi eng ko‘p bo‘lgan mamlakatlari - Meksika va Braziliyada - eng ko‘p o‘limlar qayd etilgan, mos ravishda 7 ming va 22 mingdan ortiq.
Ayrim ekspertlarning hisoblashicha, bu mamlakatlarda Covid-19 qurbonlari statistikasida raqamlar aslidagidan kamroq, chunki virus qayd etilmasdan vafot etganlar ham ko‘p.
Peru - kasallanishlar soni bo‘yicha jahon reytingida 12-o‘rinda joylashgan, bu mamlakatda shu vaqtgacha 115 mingdan ortiq kishida virus aniqlandi. Bu Xitoy va Kanadagidan ko‘proq, Eron va Hindistondagi bilan qariyb teng. Chilida ham har kuni minglab kishida virus aniqlanmoqda va hozirga kelib virusdan zararlanish holatlari soni 65 mingdan oshdi. Pandemiya boshlanganidan buyon bu davlatda 700ga yaqin kishi vafot etdi.



















