Tashkil etilishi kutilayotgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasiga kimlar ishga olinishi ma'lum qilindi
O‘zbekistonda ushlab turish, hibsda saqlash, tergov va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha tashkil etilishi kutilayotgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasiga yuqori ahloqiy sifatlarga ega bo‘lgan, Ichki ishlar, prokuratura, advokatura, sud tizimida bevosita mahkumlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan, ya'ni qiynoqqa solish holatlari haqida tushunchaga ega mutaxassislar ishga olinadi.
“2019-2021 yillarda O‘zbekiston jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Qaror bilan respublikamizda ushlab turish, hibsda saqlash, tergov va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha mustaqil qo‘mita tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi 1-2 kunda ishlab chiqarilgani yo‘q. Uch oy davomida mutasaddi tashkilotlar, Ombudsman bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Siz aytgan 2ta masala e'tibordan chetda qolgani yo‘q. Dastlab e'tibordan chetdan qolgan edi. Keyinchalik Sudyalar oliy kengashining takliflari asosida bu masala ko‘rib chiqildi. Hozirgi loyihada savolingiz qanday yechim topmoqda? Savol xalqaro huquq talablaridan kelib chiqib, hal qilinmoqda. Ya'ni BMTning 2002 yildagi fakultativ normasi mavjud. Qiynoqning oldini olish bo‘yicha tuziladigan qo‘mitada kim ishlashi kerak? Birinchi talab – yuqori ahloqiy sifatlarga ega bo‘lgan, ikkinchi talab – odil sudlov, jazoni ijro etish tizimi, advokatura, sud va prokuratura, ya'ni qiynoq bilan ishlash ish tajribasiga ega bo‘lgan degan ikkita talab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda ham bizga talab berildiki, qo‘mitaga tibbiy mutaxassis jalb qilish, nuqtayi nazaridan yondashgan ekansiz, tibbiy mutaxassislar ham ishlashi maqsadga muvofiq degan takliflar ham kelib tushgan. Hozirgi vaqtda shularni umumlashtirgan holda xalqaro konvensiya talabidan kelib chiqib, qo‘mita a'zolari kimlar bo‘ladi degan savolga, yuqori ahloqiy sifatlarga ega, Ichki ishlar, prokuratura, advokatura, sud tizimida bevosita mahkumlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hisobidan jamlanadi”, deydi IIV probatsiya xizmati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Fozilov.
Uning aytishicha, yangi qo‘mita qiynoqlar bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar yuzasidan mustaqil qaror qabul qila oladi.
“Qaror loyihasini tayyorlash jarayonida murojaatlar bilan ishlaj jarayonida kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammoli haolatlar ham muhokama qilingan. Deylik, qiynoqlar bo‘yicha murojaatlarni qaysi organ o‘rganishi, agar qo‘mita murojaatlarni mustaqil o‘rgana olmasa va ularni boshqa organlarga yo‘naltiradigan bo‘lsa, bu sun'iy to‘siqlarni yuzaga keltirishi, murojaat egalari ortiqcha vaqt yo‘qotishi – hamma-hammasi o‘rganilgan. Advokatlar palatasi tomonidan bu borada bir qator takliflar bildirilgan. Loyihada bu masalaning yechimi topilgan.
Jismoniy, yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlari faqat qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqiladi. Agar bu borada boshqa idoralar tizimiga murojaatlar kelib tushsa, ular tegishliligiga Qiynoqning oldini olish qo‘mitasiga yuboriladi.
Ikkinchi masala, Qiynoqning oldini olish qo‘mitasi holatni tezkor, xolis o‘rganib chiqishini ta'minlash maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atish vakolatiga ega bo‘lish nuqtayi nazaridan yondashib, Jinoyat-protsessual kodeksining yangi tahrirdagi loyihasida shunday topshiriq ketyaptiki, tergov orqali tekshiruv vakolatini amalga oshiruvchi organ sifatida namoyon bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ya'ni kelib tushgan murojaatni ko‘radi, holat tasdiqlansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi”, deydi Ikrom Fozilov.
Brifingda ta'kidlanishicha, tashkil etilishi kutilayotgan qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya'ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta'minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida Respublika prezidenti va Oliy Majlisi palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.
Loyihada qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida:
- jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
- qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
- jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
- qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
- qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta'minlash belgilangan.
Shuningdek, hujjatda ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining «call-markazi»ni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Mavzuga oid
17:12 / 05.06.2023
Bo‘kada tergovga jalb etilgan fuqaro kasalxonada vafot etdi
17:38 / 02.06.2023
“O‘g‘lim o‘zini tashlagan bo‘lsa, videoni ko‘rsatishsin” – Chilonzor IIBda tergov qilinayotib vafot etgan 21 yoshli yigitning otasi
11:19 / 09.05.2023
Ombudsman vakili qiynoqqa solingan aytilgani ikki mahbusning holidan xabar oldi
23:04 / 01.05.2023