O‘zbekiston | 13:40 / 29.05.2020
25329
4 daqiqa o‘qiladi

Qiynoqqa solingan shaxslarga yetkazilgan zarar qoplanadi – Svetlana Ortiqova

Bundan buyon tezkor-qidiruv, ushlab turish, hibsda saqlash, tergov va jazoni ijro etish jarayonida qiynoqqa solingan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashadi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ta'kidlab o‘tdi.

«Tez orada umumxalq muhokamasiga qo‘yiladigan «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini ta'minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish mexanizmlari takomillashadi. Pirovard natijada qiynoqning oldini olish tizimining samaradorligi ancha oshadi.

Loyihada O‘zbekiston qonunchiligidagi qiynoq uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiya»si talablariga muvofiqlashtirilishini ta'minlash belgilangan.

Loyihada BMTning ushbu Konvensiyasining Fakultativ protokoliga (Nyu-york, 2002 yil 18 dekabr) O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishining maqsadga muvofiqligi masalasini o‘rganish va asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari hamda ilg‘or xorijiy amaliyotga asoslangan holda «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan», deya Svetlana Ortiqovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuror o‘rinbosari inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro tashkilotlarning ekspertlari tavsiyalari asosida mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda tayyorlagan ushbu hujjat qabul qilingan taqdirda O‘zbekistonning qiynoqlar masalasiga doir xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishiga umid qilayotganini ta'kidladi.

«Qaror loyihasidan nimalar kutilyapti? Eng avvalo, qiynoqning oldini olish bo‘yicha milliy tizim xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtiriladi. BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi tomonidan bildirilgan tavsiyalarning aksariyat qismini bajarilishini ta'minlaydi. Buning oqibatida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanadi.

Qaror loyihasi qiynoqning barvaqt oldini olishga samarali xizmat qilishini alohida qayd etish joiz. Qiynoqning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tiladi. Bunda asosiy e'tibor qiynoq holatlarini kelib chiqishiga imkon bergan omillarni aniqlash va bartaraf etishga, tegishli mansabdor shaxslarni maxsus dastur bo‘yicha o‘qitish asosida ularda qiynoqdan himoyalanish huquqini ta'minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratiladi.

Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta'minlash ustidan nazorat takomillashadi. Qiynoqqa doir murojaatlar tezkorlik bilan xolisona ko‘rib chiqiladi. Aybdor shaxslar uchun javobgarlik muqarrarligi ta'minlanadi. Qiynoq holatlari latent bo‘lib qolishining oldi olinadi.

Qiynoqning oldini olish faoliyati borasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ishlanadi. Aholini tashvishga solayotgan qiynoqqa doir masalalar to‘g‘risidagi xolis va to‘liq ma'lumotlar keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkaziladi», deydi Svetlana Ortiqova 29 may kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Mavzuga oid