O‘zbekiston | 16:33 / 02.06.2020
10583
4 daqiqa o‘qiladi

MIB Toshkent markazidagi sud ajrimiga zid qurilish holati bo‘yicha axborot berdi

Majburiy ijro byurosi Toshkent shahri markazida aholi qarshiligi va sud ajrimiga qaramay ko‘p qavatli uylar qurilishi davom etayotgani masalasiga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, Chilonzor tuman ma'muriy sudining shu yil 29 maydagi ajrimi bilan, Toshkent shahar hokimining 01.11.2018 yildagi 1556-sonli qaroriga asosan «SILK ROAD GROUP INVESTMENTS» MChJga ajratilgan Toshkent shahri, Mirobod tumani, Nukus va Oybek ko‘chalari kesishmasidagi yer maydonida boshlangan qurilish-montaj ishlarini hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar to‘xtatish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati byuroning Mirobod tuman bo‘limi ish yurituviga 29.05.2020 yilda kelib tushgan va davlat ijrochisi tomonidan 30.05.2020 yilda Nukus va Oybek ko‘chalari kesishmasidagi yer maydoniga chiqilganda «SRG INVESTMENTS» MChJ QK tomonidan qurilish montaj ishlari amalga oshirilayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, «SRG INVESTMENTS» MChJ QK vakillari olib borilayotgan texnologik jarayonni hozirda to‘xtatishning imkoni yo‘qligini, lekin qurilish-montaj ishlari to‘xtatilishi ma'lum qilgani sabab ijro harakatlari 01.06.2020 yil kuni soat 10:00ga qoldirilgan va bu haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

«Joriy yilning 01.06.2020 yilda takroran mazkur manzilga chiqilganda qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagani aniqlangan va «SRG INVESTMENTS» MChJ QK xodimlariga qurilish-montaj ishlarini to‘xtatishi lozimligi tushuntirilib, sud ajrimi ijro etilmagan taqdirda jamiyat rahbarlariga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Tegishli tartibda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagani, davlat ijrochilarining qonuniy talablari bajarilmagani sababli bu haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda 01.06.2020 yilda «SRG INVESTMENTS» MChJ QK rahbari M.Abishevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 198(1)-moddasiga asosan ma'muriy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atilgan», – deyiladi MIB rasmiy axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, 1 iyun kuni mazkur manzildagi qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, qurilish olib borilayotgan hudud Vazirlar Mahkamasining 2010 yildagi 322-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, Toshkent shahar hokimining 2016 yildagi qarori bilan park qurish uchun Madaniyat va sport ishlari boshqarmasiga berilgan.

Lekin ko‘p o‘tmay shahar hokimining bu qarori bekor qilingan, o‘tgan yillar davomida shahar hokimining mazkur yer maydoniga oid bir nechta qarorlari chiqarilgan.

Mirobod tumanining Salar mahallasi fuqarolari ushbu 1,8 gektar maydonda ko‘p qavatli uylar emas, avval belgilanganidek madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilishini istamoqda. Bir guruh fuqarolar shu maqsadda Chilonzor tuman ma'muriy sudiga murojaat qilgan, sud hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar qurilishni to‘xtatib turish bo‘yicha ajrim chiqargan.

Mavzuga oid