Kun.uz mart oyida Toshkent markazidagi bo‘sh yerda ko‘p qavatli uylar qurilishi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgani haqida maqola e’lon qilgan edi. Unda Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida joylashgan 1,8 gektar maydonda ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangani, ammo aholi vakillari bu yerda istirohat bog‘i bo‘lishini xohlayotgani yoritilgandi.

«SRG Investmens» MChJga berilgan yerda buyurtma asosida «Murad Buildings» va «BI Group» hamkorligida tashkil etilgan «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasini qurmoqda.

Mart oyida Mirobod tumani Salar mahallasi fuqarolari va «NRG» kompaniyasi o‘rtasida Toshkent shahar hokimligida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda «NRG» kompaniyasining hamkori «Murad Buildings» rahbari Murod Nazarov aholining murojaati va talabini ko‘rib chiqishni va ijobiy hal etishni aytib o‘tgan edi.

Sud qurilishni to‘xtatib turish bo‘yicha ajrim chiqargan. Lekin…

1 iyun kuni Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida yashayotgan fuqarolar tahririyatimizga yana murojaat qilib, «NRG» kompaniyasi qurilishni to‘xtatib turish bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman ma’muriy sudining 2020 yil 29 maydagi ajrimini bajarmayotganini, qarshiliklarga qaramay qurilish davom etayotganini ma’lum qilishdi.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Mirobod tumanidagi obektga bordik.

Alisher Niyazov

Murojatchilardan biri Alisher Niyazovning aytishicha, shu yerda yashayotgan ko‘p qavatli uylar ahli Toshkent shahar hokimining 2018 yildagi 1556-sonli qarori asosida «SRG Investmens» MChJ olib borayotgan qurilish ishlarini to‘xtatishni, hokim qarorini esa haqiqiy emas, deb topishni so‘rab, Chilonzor tuman ma’muriy sudiga murojaat qilishgan.

29 may kuni cud ishni ko‘rib chiqqunga qadar hududda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqargan.

Shunga qaramay, «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasining qurilish ishlarini davom ettiryapti.