Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llarida «Zdes budet park» yozuvini ushlab olgan fuqarolarning chiqishlari ko‘zga tashlanmoqda. Aksiya qatnashchilari – Toshkentning Oybek va Nukus ko‘chalari kesishmasida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishidan norozi bo‘lgan bir guruh fuqarolardir.

Ular vaziyatni yoritishni so‘rab, tahririyatimizga murojaat qilishdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida aytilgan manzilga bordik.

Dastlabki qarorga asosan, bog‘ qurilishi kerak edi

Ma'lum bo‘lishicha, Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida joylashgan 1,8 gektar yer maydonida ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan. Bunga esa shu hudud atrofidagi uylarda yashab kelayotgan fuqarolar norozilik bildirmoqda.

Ularning aytishicha, 1,8 gektarli bu maydonda ko‘p qavatli uy-joylar emas, balki istirohat bog‘i bo‘lishi kerak edi.

Mazkur hudud Vazirlar Mahkamasining «2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, dastlab Toshkent shahar hokimining 2016 yildagi qarori bilan madaniyat va istirohat bog‘i qurish uchun Madaniyat va sport ishlari boshqarmasiga berilgan.

Biroq, ko‘p o‘tmay shahar hokimining bu qarori bekor qilinadi. O‘tgan yillar davomida shahar hokimining mazkur yer maydoniga oid bir nechta qarorlari chiqariladi.

Hozirgi kunga kelib, yerning egasi – «Silk road group investmens» MChJ bo‘lib turibdi. Bu yerda buyurtma asosida «Murad Buildings» va «BI Group» hamkorligida tashkil etilgan «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasini qurishni boshlamoqda.

«Bu yerga 9ta ko‘p qavatli uy qurilar ekan. Natijada uyimizga oftob ham tushmay qo‘yadi. Kimga murojaat qilishni bilmay qoldik. 288 kishi petitsiyaga imzo chekib, prezident devonxonasiga topshirdik. Petitsiyaga javoban 2019 yil yanvarida Mirobod tuman hokimi bizga javob qaytardi. Javob xatida bu yer «Silk road group investmens» MChJga ko‘p qavatli turar-joy qurish uchun ajratilgani, agar norozi bo‘lsak, sudga murojaat qilishimiz kerakligi aytilgan.